AQSh federal sudi Tramp ma’muriyatining 75 ta davlat fuqarolariga immigrasion vizalar berishni to‘xtatish haqidagi qarorini noqonuniy deb topdi.
Manhettendagi federal sudya Jannet Vargas Davlat departamentining ushbu siyosati qonunga zid ekanini ta’kidladi. Cheklov O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Eron, Pokiston, Braziliya va boshqa davlatlar fuqarolariga ham taalluqli edi.
Sud qaroriga ko‘ra, immigrasion viza oluvchilarning har biri alohida baholanishi kerak. Faqat mamlakat fuqaroligiga qarab ommaviy cheklov joriy etish qonuniy emas.
Qaror natijasida mazkur cheklov asosida rad etilgan minglab viza arizalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Biroq bu barcha vizalar avtomatik ravishda beriladi degani emas. Viza olish jarayonida boshqa talablar va tekshiruvlar saqlanib qoladi.