Bugun 5 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

AQSh sudi Boeing kompaniyasini 737 MAX halokatida qurbon bo‘lgan ayol oilasiga 30 million dollardan ortiq tovon to‘lashga majbur qildi

AQSh sudi Boeing kompaniyasini 737 MAX halokatida qurbon bo‘lgan ayol oilasiga 30 million dollardan ortiq tovon to‘lashga majbur qildi

AQShda ilk bor Boeing 737 MAX samolyoti halokati qurboni oilasi foydasiga sud qarori chiqarildi. Reuters agentligining xabar berishicha, Chikago okrug sudi kompaniyani 2019 yil 10 mart kuni Ethiopian Airlines 302 reysi halokatida nobud bo‘lgan BMT xodimi Shikxa Garg oilasiga 28 million dollar to‘lashga majbur qildi. Qo‘shimcha ravishda, tomonlar suddan tashqari kelishuv doirasida yana 3,45 million dollar miqdoridagi to‘lovni kelishib olgan. Shunday qilib, umumiy tovon miqdori 30 million dollardan ortiq bo‘ldi.

Jarayonda aybdorlik masalasi muhokama qilinmagan — Boeing o‘z javobgarligini oldindan tan olgan. Sud faqat tovon miqdorini belgiladi va samolyot “konstruktiv nuqsonlar bilan ishlab chiqilganini” qayd etdi. Shuningdek, kompaniya “xavflar haqida to‘liq ma’lumot bermagani” uchun tanqid qilindi. Boeing kompaniyasi qarori ustidan shikoyat qilmasligini ma’lum qildi.

ET302 reysi halokati 2018 yil oktyabridagi Lion Air aviahalokatidan keyingi ikkinchi Boeing 737 MAX fojiasi bo‘ldi. Bu ikki halokatdan so‘ng ushbu modeldagi samolyotlar qariyb 20 oy davomida parvozlardan to‘xtatilgan, faqat texnik modernizasiyadan keyin qayta foydalanishga ruxsat berilgan.

Hozirgacha qurbonlarning 90 foizdan ortiq oilalari Boeing bilan maxfiy kelishuvlar tuzgan. Biroq mazkur ish tarixiy presedent sifatida baholanmoqda — sud birinchi marta ishlab chiqaruvchi kompaniyaning konstruktiv xatolarini ochiq ravishda tan oldi.

Kiritildi: 19:21 13.11.2025. O'qildi: 711 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!