Bugun 20 fevral, 2026 yil, juma

КИР

AQSh NATO'dan xorijdagi operasiyalarini qisqartirishni talab qildi

AQSh NATO'dan xorijdagi operasiyalarini qisqartirishni talab qildi

Politico'ning xabar berishicha, Vashington NATO'ni keng ko‘lamli global hamkorlik tuzilmasi emas, balki sof Yevroatlantika mudofaa ittifoqi sifatida ko‘rishni istamoqda. AQSh pozisiyasiga ko‘ra, alyans o‘zining asosiy vazifasiga — a’zo davlatlarni himoya qilishga qaytishi, kengayish va tashqi mintaqalarda faoliyat yuritishni kamaytirishi kerak.

NATO'dagi ikki diplomatning so‘zlariga ko‘ra, AQSh alyansdan Iroqdagi missiyani 2026 yil sentyabriga qadar yakunlashni so‘ragan. Missiyaning asosiy maqsadlaridan biri ISHID terrorchilik guruhiga qarshi kurashish edi.

Shuningdek, AQSh Kosovodagi missiyani ham qisqartirish niyatida ekanini bildirgan. Bu esa yevropalik ittifoqchilar orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Yevropa tashqi aloqalar kengashi katta ilmiy xodimi Endjelushe Morina ushbu missiya mintaqa xavfsizligini ta’minlash uchun o‘ta muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlamoqda.

Mazkur missiyalarni boshlash yoki tugatish uchun NATO'ga a’zo barcha 32 davlatning roziligi talab etiladi.

Shu bilan birga, AQSh iyul oyida Anqarada o‘tkazilishi rejalashtirilgan NATO sammitiga Ukraina hamda alyansning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi hamkorlari — Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya va Janubiy Koreyani taklif qilishga qarshi chiqmoqda. Mazkur davlatlar faqat sammit doirasidagi qo‘shimcha tadbirlarga jalb etilishi mumkinligi aytilmoqda.

Alyans ichida bu yondashuv “zavod sozlamalariga qaytish”, ya’ni NATO faoliyatini uning asosiy vazifasi bilan cheklash, mudofaadan tashqariga chiqadigan operasiyalarni qisqartirish sifatida baholanmoqda. Ushbu siyosatga qarshi chiqayotgan ittifoqchilar hamkorliklar tiyib turish va umumiy mudofaa tizimi uchun muhim ahamiyatga egaligini bildirmoqda.

Kiritildi: Bugun 14:16. O'qildi: 490 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!