Qo‘shma Shtatlar halokatli “Melissa” to‘fonidan jabr ko‘rgan Karib dengizi mamlakatlariga taxminan 12,5 million dollar qo‘shimcha yordam ajratadi.
AQSh Davlat departamentining bayonotida qayd etilishicha, favqulodda gumanitar yordam sifatida Yamaykaga 10 million dollar, Gaitiga esa 2,5 million dollar yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar vayronalarni tozalash, izolsiya qilingan hududlarga yetish imkonini ta’minlash, shuningdek vaqtinchalik boshpana, tibbiy yordam, gigiyena vositalari va oziq-ovqat bilan ta’minlash ishlariga sarflanadi.
Shu bilan AQShning “Melissa” to‘fonidan keyingi yordami umumiy hisobda 37 million dollarga yetdi. Jumladan:
Yamayka uchun – 22 million dollar,
Gaiti uchun – 11 million dollar,
Kuba uchun – 3 million dollar,
Bagama orollari uchun – 500 ming dollar.
Eng yuqori, 5- toifali shiddatga ega bo‘lgan “Melissa” to‘foni Gaiti, Yamayka va Kubada keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi.
Gaiti va Yamaykadagi suv toshqinlari natijasida 75 nafar kishi halok bo‘lgan, Yamayka bosh vaziri Endryu Xolness esa umumiy zararni 6 milliard dollardan ortiq deb baholagan.