AQSh harbiylari Erondan hujumlarni to‘xtatib, Hormuz bo‘g‘ozidagi Eron harbiy infratuzilmasiga qarshi javob zarbalarini berganini e’lon qildi.
Bu haqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bayonotida aytilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 7 may kuni Amerikaning USS Truxtun (DDG 103), USS Rafael Peralta (DDG 115) va USS Mason (DDG 87) esmineslari Hormuz bo‘g‘ozi orqali Ummon ko‘rfaziga ketayotgan paytda sodir bo‘lgan. AQSh tomonining so‘zlariga ko‘ra, Eron kuchlari kemalarga raketalar, dronlar va kichik qayiqlar yordamida hujum qilgan.
Bunga javoban AQSh kuchlari "kiruvchi tahdidlarni" yo‘q qilishdi va CENTCOM ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh kuchlariga hujum qilish uchun ishlatilgan nishonlarga zarba berishdi. Bular qatoriga raketa va dron uchirish moslamalari, qo‘mondonlik punktlari, razvedka va kuzatuv inshootlari kiradi.
CENTCOM Qo‘shma Shtatlar vaziyatni yanada kuchaytirishga intilmasligini, ammo mintaqadagi Amerika harbiy xizmatchilari va harbiy ob’ektlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi.