Qo‘shma Shtatlar armiyasining Markaziy qo‘mondonligi (Centcom) Pentagonga "Dark Eagle" gipertovushli raketalarini Yaqin Sharqqa joylashtirish bo‘yicha so‘rov yubordi.
Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib yozmoqda.
Hali qurolli kuchlar ixtiyoriga to‘liq topshirilmagan ushbu tizimlardan foydalanish zarurati Eronning ballistik raketa qurilmalarini mamlakat ichkarisiga ko‘chirgani bilan izohlanmoqda. Bu esa ularni AQShning mavjud raketalari uchun yetib bo‘lmas qilib qo‘ygan.
Agar so‘rov ma’qullansa, bu AQSh gipertovushli raketalarining ilk bor joylashtirilishi bo‘ladi, biroq hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. "Dark Eagle" raketalarining uchish masofasi 3,5 ming kilometrni tashkil etadi. Hozirda ulardan 8 tadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishlab chiqarilgan va har birining narxi taxminan 15 million dollarni tashkil qiladi.
Hozirgi vaqtda Vashington va Eron o‘rtasidagi urushda Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan sulh amal qilmoqda. Bloomberg'ning fikricha, Centcom so‘rovi harbiylarning, agar Tramp shunday qarorga kelsa, urushni davom ettirishga tayyorligini anglatadi.