Gazetaning bir nechta manbalariga tayanib yozishicha, 23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda Ukraina va Yevropa delegasiyalari Qo‘shma Shtatlarning Qrimni Rossiyaga tegishli deb tan olish va front chizig‘ini hozirgi holatida muzlatib qo‘yish taklifi bilan yuzlashadi.
Avvalroq Bloomberg agentligi AQSh tinchlik kelishuvi doirasida Qrimni Rossiyaga tegishli deb tan olish imkonini ko‘rib chiqishga tayyorligi haqida xabar bergan edi.
The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra esa, bu taklif AQSh tomonidan 17 aprel kuni Parijda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Yevropa ittifoqchilari va Ukrainaga bildirilgan.
Nashr manbalarining aytishicha, Londondagi uchrashuvda Qo‘shma Shtatlarning takliflari Vashington tomonidan Qrimni Rossiya hududi sifatida rasmiy tan olishni va kelajakda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni o‘z ichiga oladi. Buning evaziga Moskva Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerak.
Ukraina prezidenti maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning takliflarida “Kiyev rozi bo‘lishi mumkin bo‘lgan jihatlar bor, ammo rozi bo‘lmaydiganlari ham mavjud”. G‘arb rasmiylaridan biri Vashingtonning Ukraina tomoniga ko‘rsatayotgan bosim darajasini “hayratlanarli” deb atagan.
The Washington Post'ning yozishicha, Ukrainaning ittifoqchilari hududiy murosalar evaziga xavfsizlik kafolatlari va tiklanish dasturlariga erishishni umid qilmoqda.