Agentlik jurnalistlari ikki oy davomida AQSh harbiylarining mintaqadagi faoliyatini tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi.
Xususan, sentyabr oyidan boshlab AQSh armiyasi Puyerto-Rikodagi 20 yildan ortiq vaqt oldin yopilgan Ruzvelt Rods harbiy-dengiz bazasini modernizasiya qilmoqda. U yerda uchish-qo‘nish yo‘laklariga olib boruvchi yo‘laklar yangilanmoqda. Bu qiruvchi va yuk samolyotlari parvozlari sonini ko‘paytirish imkonini beradi.
Shuningdek, Puyerto-Riko va AQShning Virjiniya orollaridagi fuqarolik aeroportlarida ham o‘q-dorilar ombori qurilishi bilan birga infratuzilma barpo etilmoqda.
Reuters’ning ta’kidlashicha, hozirda AQShning mintaqada 1994 yildan buyon eng yirik harbiy kuchayishi kuzatilmoqda. Harbiy amaldorlar va ekspertlarning agentlikka ma’lum qilishicha, AQSh harbiylarining faolligi Venesuela hududida ehtimoliy operasiyalarga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan dalolat bermoqda.
"Bularning barchasi, menimcha, Maduro rejimi va uning atrofidagi generallarni bo‘linish umidida qo‘rqitishga qaratilgan", — dedi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) katta ilmiy xodimi Kristofer Ernandes-Roy.