Bugun 25 dekabr, 2025 yil, payshanba

КИР

AQSh Yevropa Ittifoqi rasmiylariga viza taqiqi joriy etdi

AQSh Yevropa Ittifoqi rasmiylariga viza taqiqi joriy etdi

AQSh Davlat departamenti 23 dekabr kuni Yevropa Ittifoqining sobiq komissari va yana to‘rt kishini Amerika ijtimoiy tarmoqlarida senzura o‘rnatishda ayblab, ularga nisbatan viza cheklovlarini joriy qildi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio mazkur besh kishini Amerika platformalarini o‘zlariga yoqmagan qarashlarni o‘chirish, demonetizasiya qilish va bostirishga majburlashda aybladi.

“Ushbu radikal faollar va ‘qurolga aylangan’ nodavlat tashkilotlar xorijiy davlatlar tomonidan senzura tazyiqlarini amalga oshirib kelgan — har bir holatda amerikaliklar va kompaniyalar nishonga olingan”, dedi Rubio o‘z bayonotida.

Rubioning jamoat diplomatiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Sara Rojers X ijtimoiy tarmog‘ida ushbu shaxslarni “Amerika nutqini senzura qilishni avj oldirish”da ayblab, ularning ismlarini ochiqladi.

Sanksiyalar ro‘yxatidagi eng yuqori martabali shaxs Yevropa Ittifoqining ichki bozor bo‘yicha sobiq komissari Terri Bretondir. Rojers uni Yevropadagi yirik ijtimoiy tarmoqlar uchun qat’iy qoidalarni belgilovchi “Raqamli xizmatlar to‘g‘risida”gi (DSA) qonunining asosiy tashkilotchisi deb atadi. Taqiqqa tushgan boshqa shaxslar esa quyidagilardir:

  • Anna-Lena fon Xodenberg va Jozefina Ballon (Germaniyaning HateAid tashkiloti vakillari);
  • Kler Melford (Buyuk Britaniyaning Global Disinformation Index asoschisi);
  • Imran Ahmed (Britaniyaning Raqamli nafratga qarshi kurash markazi rahbari).

Terri Breton ushbu qarorga javoban X"da shunday munosabat bildirdi:

“Makartizmning ‘yovuz ruhlar ovi" qaytdimi? Eslatib o‘taman: Yevropa parlamentining 90 foizi va barcha 27 ta davlat DSA uchun bir ovozdan ovoz bergan. Amerikalik do‘stlarimizga: senzura siz o‘ylagan joyda emas”.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro viza cheklovlarini keskin qoralab, Yevropa o‘z raqamli maydonidagi qoidalarni boshqalar belgilashiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, DSA (Digital Services Act) yirik platformalardan kontentni qanday moderasiya qilishni tushuntirishni va shaffoflikni talab qiladi. AQSh konservatorlari ushbu qonunni o‘ng qanot vakillarining ovozini o‘chirish uchun qurol deb biladi, Bryussel esa buni rad etib kelmoqda.

Kiritildi: 22:56 24.12.2025. O'qildi: 360 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!