"Amerika amalda Eronga yadro qurolidan ham "qudratliroq qurol" ustidan nazoratni topshirib qo‘ydi, chunki Tehron istalgan vaqtda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yish va bundan jahon iqtisodiyotiga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanish imkoniyatini namoyish etdi. AQSh razvedka xizmatlari shunday xulosaga keldi", — deya xabar bermoqda "CNN" o‘z manbalariga tayanib.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonda yaqinda sodir bo‘lgan mojaro paytida Tehron bo‘g‘ozdagi kema qatnovini amalda to‘sib qo‘yish qobiliyatini isbotladi deb hisoblashmoqda.
"CNN" manbalaridan biri shunday dedi: "Biz amalda Eronga bo‘g‘oz ustidan nazoratni — har qanday yadro qurolidan ham kuchliroq bo‘lgan qurolni topshirib qo‘ydik".
AQSh razvedkasi, shuningdek, Eron Fors ko‘rfazi davlatlarining energetika infratuzilmasiga zarbalar berish imkoniyatini ko‘rsatib, yana bir bosim richagiga ega bo‘ldi, degan xulosaga keldi. Shu bilan birga, Eron arsenalining katta qismi raketalar, dronlar, uchirish qurilmalari va minalar o‘rnatish hamda kema qatnoviga bosim o‘tkazish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan yuzlab tezyurar katerlar saqlanib qolgan.
"CNN" axborotiga ko‘ra, AQSh bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan taqdirda, Tehron yanada qat’iyroq ssenariyni — Qizil dengizni Hind okeani bilan bog‘lovchi Bob al-Mandab bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish uchun Yaman husiylarini jalb qilishni ko‘rib chiqmoqda.
Amerika razvedkasi Xo‘rmuz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozlarida bir vaqtning o‘zida muammolar yuzaga kelishi jahon savdosi va energetika bozorlariga jiddiy zarba berishi mumkin deb hisoblaydi.
Maqolada aytilishicha, AQSh ma’muriyati mojaro paytida Eronning Xo‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishga bo‘lgan tayyorgarligini yetarlicha baholay olmagan.
Endilikda amerikalik mulozimlarning bir qismi ushbu inqirozdan keyin Tehronning kelajakda bunday bosim vositasidan qayta foydalanish ehtimoli yanada yuqori bo‘ldi deb hisoblamoqda. Harbiy rejalashtirishda ishtirok etgan "CNN" manbasi bo‘g‘oz atrofidagi vaziyat ustidan nazoratning yo‘qotilishini AQSh uchun "davrning eng katta xatosi" deb atadi.