Donald Trampning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi so‘nggi zarbalar davomida umumiy qiymati 250 million dollarga teng bo‘lgan o‘q-dori va qurol-yarog‘dan foydalangan.
Tramp bu haqda Fox Newsga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Kecha kechasi biz ularga umumiy qiymati 250 million dollar bo‘lgan bombalarni tashladik”, — dedi AQSh rahbari.
Prezident hujumlarda aniq qanday turdagi qurollar qo‘llanganiga to‘xtalmadi. Biroq uning bayonoti Vashingtonning Eronga qarshi harbiy operasiyalari ko‘lami va sarflanayotgan resurslar hajmini ko‘rsatishi bilan ahamiyatli hisoblanmoqda.
So‘nggi kunlarda AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik yanada kuchayib, tomonlar o‘zaro zarbalar almashmoqda. Shu bilan birga, Tramp Vashington va Tehron o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish imkoniyati hali ham saqlanib qolayotganini ta’kidlab kelmoqda.