Oq uy Eronga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishda pauza qilishni buyurdi.
Bu haqda The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt Davlat departamenti, G‘aznachilik departamenti va Milliy xavfsizlik kengashiga "Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bo‘yicha barcha faoliyatni to‘xtatishni" talab qilgan ko‘rsatma yo‘llagan. Natijada AQSh prezidenti Donald Trampning Islom Respublikasiga “maksimal bosim” o‘tkazish kampaniyasi amalda to‘xtab qoldi.
Livittning o‘rinbosari Anna Kelli nashrga bergan izohida bu ma’lumotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etmadi, biroq "yo Oq uy yoki tegishli idoralar sanksiyalar masalasi bo‘yicha har qanday yangi qarorni e’lon qilishini" aytdi. Vashington oxirgi marta 21 may kuni Tehronga qarshi cheklovlar joriy qilgan, shundan beri Moliya vazirligi yangi sanksiyalar e’lon qilinishini kamida ikki marta kechiktirdi, deya ta’kidlaydi gazeta.
Neft sotish va muzlatilgan Eron aktivlari bo‘yicha asosiy cheklovlar o‘z kuchida qolishi mumkin. Biroq, Tramp ma’muriyatining ba’zi rasmiylari pauzaning uzunligi va ko‘lami haqida aniqlik yo‘qligidan xavotirda. Ba’zi rasmiylarning fikricha, yondashuvdan maqsad "Eron yadroviy dasturi bo‘yicha nozik muzokaralar nuqtai nazaridan" kelajakdagi cheklovlarni diqqat bilan ko‘rib chiqishdir, deyiladi hisobotda.