AQSh energetika vaziri Kris Rayt Yaqin Sharqdagi mojaro bir necha hafta ichida tugashi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u 15 mart kuni ABC telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
«Men bu mojaro bir necha hafta ichida, ehtimol undan ham tezroq tugashiga ishonaman», — dedi vazir.
Raytning ta’kidlashicha, mojaro yakunlangach uglevodorodlar ta’minoti hajmi oshishi kutilmoqda. Bu esa jahon bozorida energiya resurslari narxining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi avvalroq Tehron mamlakatni himoya qilishga tayyor ekanini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron hech qachon sulh talab qilmagan va hatto muzokara o‘tkazishni ham so‘ramagan.