AQShning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi Isroil hukumatining masihiy tashkilotlar va ularning xorijiy xodimlariga nisbatan harakatlaridan jiddiy norozilik bildirdi.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, Xakabi bu haqda Isroil ichki ishlar vaziri Moshe Arbelga rasmiy maktub yo‘llagan. Unda AQSh Isroil tomonidan viza berish jarayonida sun’iy to‘siqlar yaratilayotganidan xavotir bildirgan.
«Agar bu muammo zudlik bilan hal etilmasa, men jamoatchilikka murojaat qilib, Isroil masihiy guruhlarni o‘z hududida ko‘rishni istamasligini rasman bayon qilaman», — deyiladi maktubda.
Elchiga ko‘ra, vaziyat saqlanib qolsa, AQSh tomoni Isroilga sayohat qiluvchi fuqarolar uchun vizo tartibini murakkablashtirish choralarini ko‘rishi mumkin.
Xakabining ta’kidlashicha, Isroilning Ichki ishlar vazirligi bir qator injilchi masihiy tashkilotlar faoliyati yuzasidan tergov boshlagan. Bu tashkilotlar ko‘p yillar davomida Isroil bilan yaqin hamkorlikda bo‘lgan.
Elchi maktub nusxalarini Isroil prezidenti Ishak Gersog, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va tashqi ishlar vaziri Gideon Saarga ham yuborgan.