Davlat departament rahbari Marko Rubio jurnalistlar uchun brifingda Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar qancha davom etishi haqidagi savollariga javob berdi.
"Biz tinchlikka erishish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha harakat qilamiz. Ukrainada bir hafta yoki bir oy ichida kelishuvga erishiladi, deb kafolat bera olmayman. Men aniq muddatlarni belgilay olmayman, chunki bu bizga bog‘liq emas. Ushbu kafolatga erishish ruslarga va ukrainaliklarga bog‘liq. Shuningdek, Yevropadagi hamkorlarimizga ham bog‘liq tomoni bor, chunki ularning sanksiyalari har qanday yakuniy kelishuvning bir qismi sifatida hisobga olinishi kerak, deb o‘ylayman", – deya ta’kidlpdi davlat kotibi.
Ommaviy axborot vositalari bilan muloqot paytida Rubio jurnalistlardan birining Rossiya muzokaralarni cho‘zayotgani haqidagi fikriga qo‘shilmasligini bildirdi.
"Men vaziyatni bu tarzda tavsiflay olmayman. Avval boshdan bu urush murakkabligini aytib o‘tganman. Ko‘rib turganingizdek, u uch yildan beri davom etmoqda. Men hech qachon hammasi oson bo‘ladi demaganman. Ikkala tomon bilan ham, ayniqsa, biz ko‘p yillardan beri muloqot qilmagan Rossiya tomoni bilan ko‘p muzokaralar olib borishimiz kerak bo‘ladi. Rossiya vakillari biz bilan muzokaralar olib bormoqda, suhbatlashmoqda, takliflar kiritishmoqda. Ular o‘t ochishni to‘xtatishga rozi, ammo biz tahlil qilishimiz lozim bo‘lgan shartlar asosida", – deya qo‘shimcha qildi u.