AQSh davlat kotibi Marko Rubio amerikalik diplomatlardan boshqa davlatlarda o‘tayotgan saylovlarning shaffofligi yuzasidan fikr bildirmaslikni talab qildi. Bu haqda Reuters nashri Davlat departamentining jurnalistlar qo‘liga tushgan ichki hujjatiga tayanib xabar bermoqda.
Bu amaliyot AQSh diplomatiyasida shakllangan chet eldagi erkin va halol saylovlarni qo‘llab-quvvatlash an’anasidan farq qiladi.
17 iyul kuni Qo‘shma Shtatlarning barcha diplomatik vakolatxonalariga yuborilgan hujjatda Davlat departamenti endilikda boshqa davlatlardagi saylovlar bilan bog‘liq bayonotlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi postlarni e’lon qilmasligini bildirgan. Faqat Vashingtonning tashqi siyosiy manfaatlari talab qiladigan holatlar istisno qilinishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.
"Agar boshqa davlatdagi saylovlarga izoh berish maqsadga muvofiq bo‘lsa, bizning xabarnomamiz g‘olib chiqqan nomzodni tabriklashga qaratilgan, qisqa va aniq shaklda bo‘lishi lozim", deyiladi “maxfiy” deya qayd etilgan hujjatda.
Shuningdek, Davlat departamenti diplomatlardan saylov jarayonining adolatliligi, halolligi, qonuniyligi yoki demokratik qadriyatlar bilan bog‘liq har qanday bayonotlardan tiyilishlarini so‘ragan.
"Caylovlar bo‘yicha barcha bayonotlar faqat Davlat departamentining rasmiy vakillari tomonidan berilishi lozim, diplomatlarga esa rahbariyat ruxsatisiz har qanday izoh berish qat’iyan taqiqlanadi", deya yozmoqda Reuters.