Apple 2027 yilda iPhone turkumining 20 yilligi munosabati bilan ramkasiz va to‘liq shishadan yasalgan yangi avlod smartfonini taqdim etishi rejalashtirilmoqda.
Apple kompaniyasi ramkasiz dizaynga ega bo‘lgan iPhone ustida ish olib bormoqda va bu yangi avlod smartfonlarini 2027 yilda taqdim etishi mumkin. Bu haqda MacRumors manbasi xabar berdi.
Bloomberg nashri jurnalisti Mark Gurmanga ko‘ra, yangi iPhone modellarida Dynamic Island elementining o‘lchami qisqarib, ekranda hech qanday kesik yoki bo‘shliq qolmasligi kutilmoqda. Kompaniya iPhone’ning 20 yillik yubileyi munosabati bilan butunlay yangilangan modelni taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Yubiley versiyasida yegri shisha qirralar, juda ingichka ramkalar va uzluksiz ekran dizayni bo‘ladi. Bu Apple tarixidagi birinchi haqiqiy ramkasiz va shisha korpusli iPhone bo‘lishi mumkin.
Avvalroq The Information nashri iPhone 18 Pro modellarida ekran ostiga joylashtirilgan FaceID texnologiyasi qo‘llanilishi va faqat old kamera uchun bir teshik qolishi haqida xabar bergan edi. Biroq Gurmanga ko‘ra, Apple ushbu rejalarni 2027 yilda Dynamic Island ni qisqartirish orqali boshqacha yo‘nalishda davom ettirmoqda.
Apple tarixidagi muhim yubileylarda yangi texnologiyalarni taqdim etish an’anasi bor. Masalan, 2017 yilda iPhone’ning 10 yilligi munosabati bilan FaceID va «qosh»ga ega bo‘lgan iPhone X taqdim etilgan edi. Apple bu safar ham butunlay yangi dizayn orqali jamoatchilikni hayratga solishni maqsad qilmoqda.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, yangi smartfon to‘liq shisha korpusga ega bo‘ladi. Bunday g‘oyani bir necha yil avval Apple’ning sobiq bosh dizayneri Jonatan Ayv ham ilgari surgan edi. U kompaniya uchun shisha asosida yaratilgan, bir butun smartfon loyihasi orzusi bo‘lgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday model ayrim foydalanuvchilarda ehtiyotsizlik hissini uyg‘otishi mumkin, chunki qurilma juda nozik bo‘ladi. Shu bilan birga, Apple estetika va o‘z dizaynerlik g‘oyalaridan voz kechmasligi aytilmoqda.