APLning yangi mavsumi "Manchester Siti" uchun dramatik g‘alaba bilan boshlandi. "Shaharliklar" 1-turda "Bornmut"ni qabul qilib, o‘yin oxiridagi kambek evaziga 2:1 hisobida ustun keldi.
Mehmonlar birinchi bo‘limdayoq Pep Gvardiola jamoasini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. 26-daqiqada Markus Taverniye vaziyatdan foydalanib, "Bornmut"ni oldinga olib chiqdi. Shundan keyin "Siti" tashabbusni qo‘lga olgan bo‘lsa-da, uzoq vaqt raqib himoyasini yorib o‘ta olmadi.
Uchrashuvning asosiy voqealari so‘nggi daqiqalarga to‘g‘ri keldi. "Bornmut" himoyasidagi xatodan unumli foydalangan Mark Gehi bosh bilan zarba berib, muvozanatni tikladi — 1:1.
Bu gol bilan cheklanib qolmagan manchesterliklar qo‘shib berilgan vaqtda g‘alabani ham ilib ketdi. Yoshko Gvardiolning goli "Siti"ga mavsumdagi dastlabki uch ochkoni taqdim etdi — 2:1.
O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov ham yangi mavsumni asosiy tarkibda boshladi. Himoyachi uchrashuvni to‘liq o‘tkazib, "Manchester Siti"ning irodali g‘alabasiga hissa qo‘shdi.