Ma’lum bo‘lishicha, Xonobod shahrida yashovchi O.U. 2015 yilda Rossiya federasiyasiga ishlash uchun ketgan. U xorijda bo‘lgan davrida sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan aliment undirish uchun sudga da’vo ariza kiritilgan.
Shunga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumanlararo sudi tomonidan 18.08.2020 yilda O.U.dan D.D. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Qarzdor 2015 yilda xorijga chiqib ketganligi sababli biror marotaba aliment pullarini to‘lamagan va o‘tgan 4 yil davomida qarzdorlik 41 mln. so‘mdan ortib ketgan.
Byuro xodimlari tomonidan qarzdor joriy yilda yurtimizga qaytganligi aniqlanib, aliment qarzdorligini undirish maqsadida qarzdorning yashash manziliga borilib, ogohlantirish ham berilgan. Biroq, ota farzandi uchun aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Shu sababli, ijro harakatlari davomida, qarzdor “Kia Sorento” rusumli avtomashinani boshqarib kelayotganligi aniqlanib, aliment qarzi uchun uning avtomashinasi xatlab qo‘yildi.