Sud qarori bilan fuqarolarning turar-joydan ko‘chirilishi ta’minlangan.
Internet ijtimoiy tarmog‘ida Buloqboshi tumani, “Qumguzar” mahallasi, Chamanzor ko‘chasida yashovchi 9 nafar fuqaro sud qarorisiz MIB xodimlari tomonidan uydan ko‘chirilganligi haqida xabar e’lon qilingan.
Ushbu murojaat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan javobgarlar N.Erkinova va boshqalarni Buloqboshi tumani, “Qumguzar” MFY, Chamanzor ko‘chasi 108-uydan o‘zlariga tegishli buyumlari bilan majburiy tartibda ko‘chirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida Andijon viloyati sudining 31.01.2025 yildagi ajrimiga asosan ijro harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan. Sudning 05.03.2025 yildagi ajrimiga asosan ijro harakatlari davom ettirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Muqaddam, ikki marotaba majburiy ijro harakatlari tayinlangan bo‘lib, qarzdor O.Yusupovning yozma iltimosnomasiga ko‘ra qoldirilgan.
Ijro hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida, 01.10.2025 yil sanasiga ijro harakatlari tayinlangan, biroq, tegishli tashkilotlar vakillari to‘liq ishtirok etmaganligi sababli majburiy ijro harakatlari 02.10.2025 yilga qoldirilgan va bu to‘g‘risida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Joriy yilning 2 oktyabr kuni majburiy ijro harakatlari o‘tkazilib, ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzildan 9 nafar fuqaroning ko‘chirilishi ta’minlangan.
Bundan tashqari, hozirda xabarda keltirilgan holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.