Xabaringiz bor Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegasiya Afg‘onistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Ushbu tashrif hudud iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi bilan ahamiyatlidir.
Tashrifning asosiy maqsadi — Andijon viloyatining eksport salohiyatini yanada oshirish, o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish hamda investisiyaviy hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Tashrif doirasida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqotda bo‘ldi.
Muzokaralar doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari kabi qator istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, Andijonda ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlarni Afg‘oniston bozoriga keng joriy etish, samarali logistika zanjirlarini shakllantirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tashrif nafaqat tashqi bozorlarda viloyat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va hudud iqtisodiyoti barqaror o‘sishiga kuchli turtki berishi kutilmoqda.