Davlatimiz rahbari yosh grossmeysterimizni O‘zbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom ma’nodagi tarixiy g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.
Suhbatda Javohir Sindorov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14 ta o‘yinda 6 marotaba g‘alaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari yosh grossmeyster dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qat’iyat fazilatlarini namoyon etganini qayd etdi.
Prezidentimiz endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, bo‘lajak o‘yinlarda unga yanada ulkan omad, kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tiladi.
Suhbatda joriy yil Samarqand shahrida o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Javohir Sindorovning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bag‘ishlashi qayd etildi.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin yurakdan tabrikladi.
Javohir Sindorov yuksak e’tibor, samimiy qutlov va bildirilgan ishonch uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.