Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Baxt” MFY hududida harakatlanib kelayotgan “Nexia-3” rusumli avtomashina to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan D.X. xorijda ishlab chiqarilgan 697 dona “Tropikamid” hamda 560 dona “Regapen” nomli inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop dori vositalarini o‘tkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Konimex tuman bo‘limi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan D.N. fuqaro M.J.ga 630 dona “Benzonal” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.