Braziliyalik futbol yulduzi Neymarning sudga "Barselona"dan pul undirib berish haqida qilgan davolari rad etildi. Sud, aksincha, Neymar "Barselona"ga 6.7 million yevro (7.53 million dollar) miqdorida mablag‘ni qaytarib berishi kerakligi haqida hukm chiqardi.
Neymar 2017 yilda rekord miqdordagi summa 222 million dollar evaziga PSJ jamoasiga o‘tganidan keyin o‘zining sobiq jamoasi "Barselona"ni sudga bergan va undan 43.6 million yevro pul talab qilgandi. Lekin sud braziliyalik forvardning davolarini rad etdi hamda "Barselona" foydasiga hukm chiqardi. Endi u besh kun ichida sudga apellyasiya berishi mumkin.
Neymar "Barselona" tarkibiga 2013 yilda qo‘shilgandi. U 2016 yilda jamoa bilan yangi besh yillik shartnoma imzolagan. Ushbu shartnomada 43.6 million yevro miqdordagi mukofot puli to‘lanishi kelishilgan va uning 14 millioni oldindan to‘langan. Qolgan 29 million yevro 2017 yilning avgustida to‘lanishi kerak edi. Ammo 2017 yilning 3 avgustida Neymar "Barselona"ni tark etdi.
Shundan keyin "Barselona" Neymarga shartnomasi buzilgani va qolgan mablag‘ni to‘lamasligini aytgan. O‘z navbatida "Barselona" ham Neymar ustidan sudga davo qilib, oldindan to‘langan 14 million yevroning qaytarilishini va zararlar uchun yana 8.5 million yevro to‘lashini so‘ragan.
«Sudning hukmiga binoan Neymarning 43.6 million yevroni undirish haqidagi davosi to‘laligicha rad etildi va Barselona foydasiga qaror chiqarildi. Endi futbolchi Barselona jamoasiga 6.7 million yevro qaytarishi kerak» deya xabar bergan "Barselona" klubi.
"Barselona" va Neymar o‘rtasidagi moliyaviy kelishmovchiliklarga qaramay futbolchi va klubning ikkovi ham qayta birlashish istagida. Hatto o‘tgan yili Barselona PSJ bilan Neymar borasida muzokaralar olib borgandi. Lekin unda kelishuvga erishilmadi.