AQSh Grenlandiyaning Xitoyga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi, dedi davlat kotibi Marko Rubio. Shuningdek, u Daniyani orolning mustaqillikka intilishini tan olishga chaqirdi.
"Grenlandiya aholisi Daniyadan mustaqil bo‘lishni istayotganini aniq ko‘rsatdi. Daniya Grenlandiya Daniyaning bir qismi bo‘lishni istamasligiga e’tibor qaratishi kerak. Biz ularga bu g‘oyani bermadik, ularning o‘zlari bu haqda ko‘pdan beri gapirishadi. Qachon xohlashsa - o‘sha qarorni qabul qilishadi. Lekin biz [AQSH] Xitoyning hozir kelib, ularga [grenlandiyaliklarga] Xitoyga qaram bo‘lib qolishlari uchun ko‘p pul taklif qilishiga yo‘l qo‘ymoqchi emasmiz," - dedi Rubio Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh grenlandiyaliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hurmat qiladi, biroq Xitoyning fursatdan foydalanib, ularning sodiqligini "sotib olishiga" yo‘l qo‘ymaydi.
Prezident Trampning kuch ishlatish ehtimoli haqidagi so‘zlarini sharhlab, Rubio aniqlik kiritdi: gap faqat Grenlandiyani tashqi tajovuzdan, xususan Xitoydan himoya qilish haqida bormoqda.
"Agar Grenlandiya mustaqil bo‘lishga qaror qilsa, AQSh u bilan hamkorlik o‘rnatishga tayyor," deya qo‘shimcha qildi u.
Ilgari Tramp Grenlandiyani sotib olishni taklif etgan va agar Daniya orol ustidan nazoratni topshirmasa, savdo bojlari bilan tahdid qilgandi. Kopengagen va Grenlandiya hukumati bu taklifni rad etishdi.
Grenlandiya Daniya tarkibidagi muxtor hudud hisoblanadi. 1951 yildan buyon orol mudofaasi bo‘yicha Amerika-Daniya kelishuvi amal qilmoqda. Unda Arktikani kuzatish va erta ogohlantirish tizimlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Pituffik Amerika harbiy bazasi joylashgan.