Bugun 19 aprel, 2026 yil, yakshanba

КИР

Allohdan boshqa hech kim urchita olmaydi

A A A
Allohdan boshqa hech kim urchita olmaydi

Alloh taolo Odamga ismlarning barchasini o‘rgatganidan keyin ularni farishtalarga ro‘baro‘ qildi va «Agar «Er yuzida fasod qiluvchi va qon to‘kuvchi kimsani yaratasanmi?» degan da’volaring rost bo‘lsa, menga ushbu narsalarning ismlarini aytib beringlar», dedi. Farishtalar u narsalarga ism qo‘yishdan ojiz qoldilar va o‘z ojizliklarini tan olib:

«Ular: «O‘zing poksan! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sen o‘ta ilmlisan, o‘ta hikmatlisan», dedilar» (Baqara surasi, 32-oyat).

Farishtalar bu yerda yuksak odob namunasiini ko‘rsatdilar. Bilmagan narsalarini «Bilmaymiz», deb aytdilar. Bilmagan narsasini tan olib, vaqtida «Bilmayman», deyish ham katta odob, ham katta ilm hisoblanadi.

Shunda Alloh taolo O‘zining yer yuzidagi xalifasi – Odamning fazlini izhor qilish uchun:

«Ey Odam, ularga bularning ismlarini aytib ber», dedi. Ularga o‘shalarning ismlarini aytib bergan chog‘ida: «Sizlarga: «Osmonlaru yerning g‘aybini bilaman va sizlar oshkor qiladigan narsalarni ham, berkitgan narsalarni ham bilaman», demabmidim?!» dedi» (Baqara surasi, 33-oyat).

Shu bilan Odamning farishtalardan ustunlik tarafi namoyon bo‘ldi. U ham bo‘lsa ilm-ma’rifat edi. Inson yer yuzida fasod qilishi, qon to‘kishi ham mumkin, ilohiy ne’mat bo‘lmish ilmni o‘z o‘rnida ishlatib, farishtalardan ustun bo‘lishi ham mumkin.

Alloh taolo Islom dinini inson zotiga farishtadan ustun bo‘lish yo‘lini o‘rgatish uchun yuborgandir. Odam bolasi bu dinning ta’limotlariga amal qilib yashasa, ikki dunyoning baxti-saodatiga va farishtadan yuqori martabaga erishadi.

Islom dinining odam bolasini ulug‘lagani, uni aziz va mukarram qilib yaratgani inson hayotining barcha holatlarida namoyon bo‘ladi.

Alloh taolo G‘ofir surasida marhamat qiladi:

«U sizni tuproqdan, so‘ngra nutfadan, so‘ngra «alaqa»dan yaratgan Zotdir. So‘ngra sizni go‘dak holingizda chiqarur. So‘ngra kamolga yetishingiz uchun, so‘ngra qari bo‘lishingiz uchun (ulg‘aytirur). Ichingizda undan oldin vafot etadiganlar ham bo‘lur. (Bular) belgilangan ajalga yetishingiz uchundir. Shoyadki, aql yuritsangiz» (67-oyat).

Bu oyatda insonga uning asli – ojizligi eslatilmoqda.

«U sizni tuproqdan, so‘ngra nutfadan, so‘ngra «alaqa»dan yaratgan Zotdir».

Alloh taolo yerni yaratganida undagi tog‘u toshlar, bog‘-rog‘lar, daryoyu dengizlarni xalq qilganida yer yuzida inson degan zot bo‘lmagan. Hech kim hozirgacha «Inson azaldan bor edi» degan gapni aytgan emas. Demak, yo‘q narsa bor bo‘lishi uchun kimdir uni yaratishi kerak. Bir vaqtlar yo‘q bo‘lgan insonni kim bor qildi? Bu savolning birdan-bir javobi: «Insonni ham dunyodagi barcha narsalarni yaratgan Alloh xalq etgandir», deyishdir. Ushbu oyatda Alloh taolo insonni dastavval tuproqdan yaratganini aytmoqda. Tuproq hayotning asli hisoblanadi. Darhaqiqat, inson jismidagi mavjud moddalar tuproqdagi moddalardan ekani ilmiy tadqiqotlarda ham zohir bo‘ldi. Inson tanasini jon tark etgach, jasadining tuproqqa qo‘shilib ketishi ham bejiz emas.

Insonni tuproqdan yaratib, yo‘qdan bor qilgan Alloh uni bir-biri bilan qo‘shilish orqali ko‘payadigan qilib qo‘ydi va yangi insonning yaralishiga nutfani (sperma suvini) sabab qildi. O‘sha urug‘lik suvi ayoldagi tuxumga urchishi orqali homila paydo bo‘ladi.

Bu ishlarning bajaruvchisi Alloh taolodir. Erkagu ayolni Alloh yaratgan. Erkakda nutfani ham Alloh paydo qilgan, ayoldagi tuxumni ham. Erkakdagi nutfani ayolning tuxumiga urchitgan ham Alloh. Allohdan boshqa hech kim urchita olmaydi. Alloh urchishini xohlamagan barcha nutfa va tuxumlar nobud bo‘lishga mahkumdir.

«So‘ngra sizni go‘dak holingizda chiqarur».

Alloh onaning qornida yaratgan, qudrati ila oziqlantirib, aziz va mukarram qilib, inson shakliga solgan jonni yorug‘ dunyoga chiqarishni U Zotning O‘zidan boshqa kim eplay oladi? Agar Alloh taoloning O‘zi yo‘l bermasa, bu ishning ro‘yobga chiqishiga aql bovar qilmaydi.

Inson nutfalik paytidan boshlab, to onasidan tug‘ilganiga qadar har bir lahzada Alloh taoloning inoyati u bilan birga bo‘ladi. Agar ushbu ilohiy inoyat biror lahzaga ajrasa, u inson bo‘lib tug‘ila olmaydi, balki o‘sha lahzaning o‘zidayoq o‘lik bo‘lib, bachadondan tushib ketadi. Ana o‘shaning o‘zi Alloh taolo odamni homilalik bosqichida aziz va mukarram qilganining bir ko‘rinishidir.

«So‘ngra kamolga yetishingiz uchun, so‘ngra qari bo‘lishingiz uchun (ulg‘aytirur)».

Onadan eson-omon tug‘ilib olishi bilan odam bolasining ishi bitmaydi. Tug‘ilgandan keyingi ishlarni ham yolg‘iz o‘zi eplay olmaydi. Bu ishni amalga oshirish ota-onasining yoki boshqalarning ham qo‘lidan kelmaydi. Inson tug‘ilganidan keyin ham umrining har bir lahzasida Alloh taoloning inoyatiga muhtojdir. Alloh taoloning inoyatidan ajragan lahzada inson ado bo‘ladi. Bu haqiqat oyatning davomida bayon qilinmoqda:

«Ichingizda undan oldin vafot etadiganlar ham bo‘lur».

Ya’ni «Ey odamlar, sizning ayrimlaringiz kamolga yoki qarilikka yetishdan oldin vafot etib ketadi». Har lahzada tushayotgan homilalar, o‘layotgan bolalar, yoshlar buning dalilidir.

«(Bular) belgilangan ajalga yetishingiz uchundir».

Har bir inson uchun belgilab qo‘yilgan ajal bor. Ana o‘sha ajalga yetguncha yashaydi. Bu ham Alloh taoloning ishidir.

«Shoyadki, aql yuritsangiz».

Shoyadki, ushbu haqiqatlar ustida aql yuritib, o‘zingizning kim ekaningizni anglab, Robbingizga ibodat qilsangiz.

Ushbu oyati karimada insonning nutfalik, go‘daklik, bolalik, yoshlik, kattalik hamda qarilik holatlari aytib o‘tilgan. Ushbu bosqichlarning barchasida Alloh taolo uni ushlab, hayot berib, rizqlantirib, inoyatiga olib turadi.

Shu bilan birga, Alloh taolo O‘zining oxirgi va mukammal dini Islom ta’limotlari asosida inson zotini mazkur bosqichlarning barchasida o‘ziga o‘xshash insonlar tomonidan inoyatga olishni ham ta’minlagan. Misol uchun, homilani avaylab-asrashni, uning har tomonlama zararlanmay, bus-butun o‘sib borishini ta’minlashni ota-onasiga vazifa qilib yuklagan. O‘zgalarning ham bu ishda ota-onaga yordamchi bo‘lishini joriy qilgan. Homilaning azizligi va mukarramligiga tahdid solish, unga zarar yetkazishni man qilgan. Bu man qilishni buzib, homilaga zarar yetkazuvchilarga nisbatan ma’lum jazo choralari belgilagan. Xuddi shuningdek, Islom dinida inson umrining boshqa bosqichlarida ham uning azizu mukarramligining ta’minoti bo‘yicha shar’iy ta’limotlar kelgan va barcha musulmonlar zimmasiga ularga amal qilish mas’uliyati yuklangan.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 22:45 24.09.2019. O'qildi: 5632 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!