Islom dini insonlarni doimo bir-biri bilan do‘stlashishga, o‘zaro fikr almashishga va maslahatga, ahillik ila birdamlikka chaqirib kelgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham judayam ko‘p hadislarida Alloh uchun bir-birini yaxshi ko‘rish, Allohning roziligi uchun do‘stlashishga qattiq targ‘ib qilganlar va aynan shunday do‘stlikni ixtiyor qilganlarga go‘zal hushxabarlar berganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo Qiyomat kuni: “Azamatim uchun do‘st bo‘lganlar qani? Bugun, Mening soyamdan boshqa soya yo‘q kunda O‘z soyam bilan soyalantiraman”, deydi”, dedilar. (Imom Muslim)
Alloh yo‘lida do‘stlashgan kishilar uchun bu hushxabardan yaxshiroq mukofot bo‘lmasa kerak aslida. Chunki, qiyomat kunidagi voqea va hodisalardan ozgina xabari bor inson borki, Allohdan omonlik so‘raydi. U kunning daxshati odamlarni aqlu xushidan ayiradi. Inson faqatgina o‘z nafsini o‘ylab, atrofidagi barcha yaqinlaridan yuz o‘giradi. Bu haqda Robbimiz shunday xabar beradi: “U kunda kishi qochadir; o‘z aka ukasidan. Va ota onasidan. Va xotini va bola chaqasidan. U kunda ulardan har bir shaxsni ovora qiluvchi o‘z ishi bor”. (Abasa-34-37)
Bugun boshimiz uzra necha ming kilometrlar yuqoridan bizga o‘z nurini sochib, tanamizni qizdirib turgan quyoshni Alloh taolo yelkalarimiz barobariga tushirib qo‘ygan paytda odamlar o‘z terlariga g‘arq bo‘lgancha, uning issig‘idan qochib, soya joy qidirib qoladilar. Aynan shu paytda, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lgan bir paytda olamlar Robbisining o‘zi: “Azamatim uchun do‘st bo‘lganlar qani? Bugun, Mening soyamdan boshqa soya yo‘q kunda O‘z soyam bilan soyalantiraman”, deb chaqirib turishidan ortiq mukofot bormi axir? Yo‘q, albatta.
Keyingi hadis esa bundanda go‘zal, bundanda rohatbaxsh. Uni tafakkur ila o‘qish odamga hayajon beradi. Muoz roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taolo: “Mening azamatim uchun bir-birlarini do‘st tutuvchilarga nurdan bo‘lgan minbarlar beriladi. Uni ko‘rgan nabiylar va shahidlar havas qilishadi”, dedi”. (Imom Termiziy)
Azizim! Allohning payg‘ambarlari, jonini Alloh uchun fido qilgan shahidlar havas qiladigan minbarlarga nahot siz havas qilmaysiz? Nahot harakat qilmaysiz? Axir bunga sizga imkon borku. Molingni berasan demayapti, joningni berasan demayapti. Faqatgina, bir-biringizni Alloh uchun yaxshi ko‘ring deyapti. Mol dunyosi uchunmas, shon-shuhrati uchunmas, nasabi yoki go‘zalligi uchunmas, balki, qilayotgan go‘zal amalini, pokiza qalbini, suvratiyu siyratini faqatgina Alloh uchun yaxshi ko‘r demoqda. Boridayam-yo‘g‘idayam, ochligidayam-to‘qligidayam, bemorligu-sog‘ligidayam birdek muomala qil. Alloh uchun yaxshiligini oshir, yomonligini yashir, xatosi bo‘lsa ommaga jar solmasdan sekingina qulog‘iga pichirla. Borligidayam-yo‘qligidayam sha’nini va obro‘sini saqla, demoqda xolos. Agar jannat faqatgina ibodat uchun berilganda edi, Allohning roziligi faqatgina namozda bo‘lganida edi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarning: “Alloh qayerda?” degan so‘zlariga “Alloh mo‘minning qalbida”, deya javob bermagan bo‘lardilar. Yoki: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, iymon keltirmaguningizcha jannatga kira olmaysiz. Va bir-birlaringizga muhabbat qilmaguningizcha mo‘min bo‘la olmaysiz”, (Imom Muslim) deya Alloh yo‘lidagi do‘stlikni mo‘minlikka xujjat qilib qasam ichmas edilar.
Qadrdonim! Inson hayotida do‘stning o‘rni beqiyos. Chunki, kishi hayotida turli-tuman voqea-hodisalarga, har-xil sinovlarga, yaxshi va yomon kunlarga duch keladi. Bunday paytlarda esa bir yaxshi hamsuhbatga, ishonchli nasihatgo‘yga, samimiy dalda berib turguvchi bir jonkuyarga muxtoj bo‘ladi. Bunday paytda esa, Allohdan qo‘rqadigan, Alloh uchun do‘stlashgan solih va pokiza do‘st nihoyatda asqotadi.
Hikmatlarda aytiladi: “Agar kishining atrofida solih, oliyjanob kishilar ko‘p bo‘lsa, bu – Alloh taoloning unga bergan in’omi va ikromidir”.
“Alloh taoloning xuzurida martabang qanchalik yuqori bo‘lsa, yoningda yurgan do‘stlaring shunchalar solih, pokiza va oliyjanob kishilar bo‘ladi. Agar martabang qanchalik past bo‘lsa, atrofingda yurgan do‘stlaring ham shunchalar pastkash va ablah kishilar bo‘ladi”.
Demak, bugun do‘st tanlashda adashma. Do‘stlashishda adashma. Niyating va maqsadingni to‘g‘rilab ol. Allohdan yaxshi do‘stlarni so‘ra. Kimnidir yaxshi ko‘rsang faqat Alloh uchun yaxshi ko‘r. Agar kimnidar yoqtirmasang ham o‘z istak hohishing uchun emas, balki, Allohga bo‘lgan ma’siyatini, qaysidir yomon amalini yomon ko‘r. Yaxshilar bilan do‘stlash. Yomonlardan uzoqlash.
Unutma! Alloh uchun tutingan do‘stlar nafaqat bu dunyoda, balki oxiratdayam najot topishingga sabab bo‘ladi.
Manba: muslim. uz