Haq bilan nohaqni ajratuvchi, halol bilan haromni anglatuvchi, insoniyatning mukammal mavjudot ekanligiga dalolat qiladigan kitobni yaratgan Parvardigori olamga beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Bizlarni hidoyatimizga sababchi bo‘lgan Alloh taoloning habibi, bani Odamning afzali Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamga benihoya durudu salovotlar bo‘lsin. Qur’oni karimni eshitib darhol iymon keltirgan Ummati Muhammadni Xudoi taborak va taolo O‘z rushdu hidoyatida sobit qadam aylasin.
Alloh taoloning kalom degan sifati bor, ya’ni so‘zlovchi. Alloh haq subhanahu va taoloni so‘zlashligi biz bandalardek emas. Bu sifati avvaldan bor bo‘lib, doimo bo‘lgan sifatidir. Alloh taoloning kalom sifatida na harf bor va na ovoz bor. Haq taoloning so‘zlashligi bevositadir, ya’ni biz kabi bir a’zo bilan emas, ya’ni til, tish va ovoz bilan emas. Alloh taolo bu narsalardan pok zotdir.
“Alloh taoloning o‘xshashidek biror narsa yo‘qdir. U eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir”. (“Shuaro“ surasi, 11-oyat)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga Qur’oni karim 23 yil mobaynida oyat-oyat qilib, bo‘lib-bo‘lib tushirilgandir. Qur’oni Karim nozil bo‘layotganida na harf bor edi, na ovoz. Alloh taolo uni Jabroil alayhissalomga naql qildi, undan keyin esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga harf va sado bilan keldi. Va bizlarga ham shu tarzda yetib keldi. Harfli, tovushli bo‘lgan narsa – tabiiyki maxluqdir, chunki harf va tovush bu maxluqdir, ya’ni yaralgandir. Tovushsiz va harfsiz bo‘lgan Alloh taoloning Kalomi esa maxluq emas.
Alloh taolo Qur’oni Karimni bizlarga hidoyat manbai qilib bergan. U muborak kitob inson umrining tavallud bosqichidan tortib, to poyoniga qadar kelib chiqadigan barcha ehtiyojlariga javob beruvchi, mavjud muammolarning adolatli va mufassal hal qilinishiga yo‘l ko‘rsatuvchi, har zamon va har makonda dasturul amal bo‘lguvchi yagona ilohiy kitobdir. Qur’oni karim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga Xudoi taborak va taolo tomonidan ato etilgan mo‘’jizalarning eng buyugi bo‘lishi bilan birga, uni o‘qib, so‘ngra uqib, unga amal qilganlarni ikki dunyo saodatiga yetaklovchi manbadir. Unda halol bilan harom, haq bilan nohaq ochiq-ravshan bayon etilib, Alloh taolo marhamat qilganidek:
“Bu kitobda shak-shubha yo‘q, u taqvodorlarga hidoyatdir” (“Baqara“ surasi, 2-oyat)
Boshqa oyatlarda Alloh taolo: “Darhaqiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bordir. (Ushbu Qur’oni karim) to‘qib chiqarilgan so‘z emas, balki o‘zidan oldingi narsalarni (ya’ni ilohiy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga iymon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (bo‘lgan bir kitobdir)”, – deya marhamat qilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Qur’oni karimning boshqa so‘zlardan afzalligi xuddi Alloh taoloning O‘z maxluqotidan ustunligi kabidir”.
Mana shu hadis Qur’oni karimning fazilatini anglashlik uchun, buyuk ne’matligini tushunish uchun yetarlidir. Qur’oni karimning fazilati shunchalik ko‘pki, uni yozib yoki aytib adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Bu muqaddas kitob sizni dunyou oxiratingizni baxtli qiladi. Bu dunyodagi barcha mushkulingizni oson qiladi. Mana masalan, “Fotiha” surasi hamma dard va joduga davo. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha “Fotiha sehrlanishga qarshi shifodir” deyilgan. Ayniqsa, Bayhaqiyning Abdulmalik bin Umayrdan qilingan naqlida esa: “Fotiha hamma dardga shifodir” deb marhamat etilgan. Albatta bu surai muborakni har bir inson to‘la iymon ila, juda qattiq ixlos ila o‘qisa, o‘sha qiynalayotgan ishlaridan xoli bo‘ladi.
“Fazoil ul Qur’on” kitobida shunday naql qilinadi: Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: “Har kim o‘z manziliga kirganda “Fotiha” va “Ixlos” suralarini o‘qisin. Xudoyi taolo u yerdan kambag‘allikni ketkazadi va xayru barakalarni ko‘paytiradi”. Va yana aytiladiki, “Fotiha” va “Ixlos” suralarini o‘qib o‘ziga dam solib uxlagan odam barcha balo-ofatlardan omonda bo‘ladi. Hazrati Jabroil alayhissalom dedilar: “Fotiha” surasi o‘qilsa, uning yettita oyati Do‘zaxning yetti zaboniya (azoblovchi farishtasi)ga to‘siq bo‘ladi, surani o‘qigan odam do‘zax oldidan eson-omon o‘tadi. Agar surai karima o‘qilib suvga dam solinsa va bu suv isitmasi bor odamga sepilsa, isitmasini ketkazadi. Kimiki mazkur “Fotiha” surasini bomdod namozining sunnat va farzi orasida 41 marotaba o‘qib kasalga dam solsa, xasta albatta shifo topadi. “Fotiha” surasi ilon chaqqanlar uchun zaharni kesadigan beqiyos davodir.
“Sizlar Qur’oni azimushsha’nni ko‘p o‘qinglar. Qur’oni karim ajoyibotlaridan ko‘p nasibangizni ham olgaysizlar va Jannatda darajalarga noil bo‘lgaysizlar”. Va yana boshqa bir hadisda marhamat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Darhaqiqat, qalblar ham temir zanglaganidek zanglab qoladi”, so‘radilar: – Ey Allohning Rasuli, uning ketkazuvchisi nima? “Qur’on tilovati va o‘limni eslash”- deb marhamat qildilar.
Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytadilar:“Qur’ondagi har bir oyat jannatda bir daraja va xonadoningizda chiroq bo‘ladi”. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qur’on tilovat qilingan xonadon ahli uchun keng bo‘lib, xayriyotlar ko‘payib, farishtalar u yerda hozir bo‘ladilar va shaytonlar u yerdan chiqib ketadilar. Allohning kitobi tilovat qilinmaydigan xonadon esa ahli uchun tor, xayriyotsiz, farishtalar undan chiqib ketib, shaytonlar esa hozir bo‘ladigan makon bo‘ladi”. Sufyon Savriy aytadilar: “Kishi qachon Qur’on o‘qiganida farishta uning ikkala ko‘zi o‘rtasidan o‘padi”. Ali karramollohu vajhahu aytadilar: “Uch narsa xotirani ziyoda qilib, balg‘amni ketkazadi: misvok, ro‘za va Qur’oni Karimni o‘qish”.
Muhtaram azizlar, biz shunday tuganmas bir xazinaga ega bo‘lib turibmizki, buni yo‘qotib qo‘yishligimiz achinarli holdir. Xudoga behisob shukronalarimiz bo‘lsinki, mana har yili jannatmakon yurtimizda Ramazon oyida barcha masjidlarda xatmi Qur’onlar o‘tkazilyapti ushbu xatmi Qur’onlarda yurtimizda yetishib chiqqan murattab va mujavvid qorilarimiz Allohning kalomini sizu bizlarga chiroyli va go‘zal tarzda o‘qib berishmoqda. Barchalarimiz Qur’oni karimni muhabbat bilan eshitib ulkan ajrga ya’ni Qur’onni xatm qilganni savobiga erishamiz insha Alloh, endi shu savoblarimizni yuvilib ketishiga yo‘l qo‘ymaylik. Chunki bu dunyo hayotida inson yeb-ichmoq, kiyinib yasanmoq ehtiyoji, uylanmoq, bola-chaqa qilmoq ehtiyoji singari bitmas-tuganmas muammolar qarshisida qolib ketadi. Tabiiyki, harom narsalar va gunoh ishlar insonning insonligini ham yo‘q qiladi. Shuning uchun har bir musulmon topgan-tutgani, yeyayotgan luqmasi halolmi yo‘qmi ekanligiga yaxshi diqqat qilmog‘i va gunoh ma’siyatlardan saqlanmog‘i lozim. Aks holda harom yo‘llar bilan topilgan mol dunyo, gunoh ishlar hayotining har bir sahifasi uchun insonga bir zahar va falokat bo‘lishiga aslo shubha yo‘q. Inson halol narsalarni bilib olishi zarur, shu bilan birga harom narsalarni ham bilmog‘i kerak. Chunki harom amallar va taomlar ham boshdan oxir o‘rganilishi lozim bo‘lgan bir ilmdir. Ammo halol bilan haromni bilmasa, ajratolmasa, haq bilan nohaqni farqlay olmasa, uni johil deyishlikdan boshqa bir gap qolmaydi.
Rasululloh sollallohu alah hadisi shariflarida shunday marhamat qiladi: “Jannat darajalarining adadi Qur’on oyatlarining adadichadir. Va Qur’on ahlidan kimiki Jannatga kirsa, undan yuqorida boshqa daraja bo‘lmagay!”
Aziz birodarlar, e’tibor bering! Jannat darajalari Qur’oni karim oyatlari sanog‘icha ekan! Ahli Qur’ondan kimiki Jannatga kirsa, ya’ni Kalomullohni muhabbat bilan o‘qigan va eshitgan zotlar jannatu rizvonga kirsa, undan yuqorida daraja bo‘lmagay! Eng yuqori maqom ahli Qur’onga xosdir...
Ey Parvardigori olam, bizlarni Qur’oni karim hurmatidan marhamatingga olgin. Kalomingni barakotidan jannatmakon yurtimizga o‘z rahmatlaringni yog‘dirgin, Uni biz uchun yo‘l boshlovchi, nur, hidoyat va rahmat qilgin. Ey Allohim, Qur’ondan unutganlarimizni bizga eslatgin. Undan bilmaganlarimizni bizlarga bildirgin. Kecha-yu kunduz uning tilovati bilan bizlarni rizqlantirgin. Ey olamlar Robbisi, u Qur’onni erta qiyomatda bizlarning foydamizga hujjat qilgin.
Manba: azon. uz