O‘ta qaltis vaziyatda: «Biz sizga musaviy (Muso alayhissalomga ergashganlar) Payg‘ambarlariga: “Ey Muso, o‘zing Rabbing bilan borib kofirlarga qarshi jang qilaver!” degan gaplarini aytmaymiz, Sizni haq bilan yuborgan zotga qasamki, biz: “Siz va Rabbingiz jang qiling, bizlar ham sizlar bilan birga turib jang qiluvchilarmiz”, deymiz. Bizni boshlang, Allohga qasamki, agar dengizga olib borsangiz ham, siz bilan unga sho‘ng‘iymiz, Barkul G‘imotga boshlasangiz ham, sizga ergashamiz», deb Nabiy alayhissalomga xayrixohlik bildirdi.
Uning Alloh va Rasuliga sodiqligi, itoati, og‘ir damdagi ko‘magidan Rasululloh behad xursand bo‘ldilar.
Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhu Islomga avval kirganlardan. Abdulloh ibn Mas’ud rivoyatiga ko‘ra, u Abu Bakr, Ammor, onasi Sumayya, Suhayb, Bilol roziyallohu anhumdan so‘ng musulmon bo‘lgan. Badr, Uhud va barcha boshqa g‘azotlarda Nabiy alayhissalom bilan birga qatnashdi.
Nasabi borasida ixtilof bor. Bir qavlda: “Quzoa qabilasining Bahro urug‘ilik Miqdod ibn Amr ibn Sa’laba” deyilsa, boshqa birida: “Kinda qabilasidan Hadromiy”, yana birida: “Qora qul edi”, deb keltirilgan. Shunisi aniqki, Miqdod Makkadagi Bani Zuhra ibn Kilob qabilasining ittifoqdoshi edi. Asvad ibn Abdu Yag‘us o‘g‘il qilib olgach, uni: “Miqdod ibn Asvad” deb atay boshlagan. Qur’oni karimning: “Ularni (asrandi farzandlarni) o‘z otalari (ismi) bilan chaqiringiz. Shu Alloh nazdida adolatliroqdir. Bas, agar ularning otalarini bilmasangiz, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do‘stlaringizdir…” (Ahzob surasi, 5-oyat) oyati nozil bo‘lganda tabanniylik (farzand qilib olish) bekor bo‘ldi. Buning natijasida Miqdod otasining ismi bilan “Miqdod ibn Amr”, deb chaqirila boshladi.
* * *
Miqdod Habashistonga hijrat qildi. So‘ng Makkaga qaytdi. Biroq, ayrim sabablarga ko‘ra, Yasrib hijrati uchun Nabiy alayhissalomga ergasholmadi. Keyinroq Ubayda ibn Horisa roziyallohu anhu rahbarligidagi sariyaga kelib birlashishga muvaffaq bo‘ldi. Voqea bunday kechgandi: “O‘shanda Ikrima ibn Abu Jahl boshchiligidagi bir guruh qurayshliklar musulmonlar bilan to‘qnashdi. Miqdod va Utba ibn G‘azvon mushriklar safida edi. Ikkisi musulmonlar bilan jang qilmay, aksincha ular safiga o‘tib olishdi va shu tariqa Yasribga kelishdi. Madinada Miqdod roziyallohu anhu Kulsum ibn Hadamning xonadoniga kelib tushdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom uni Jobir ibn Saxr bilan og‘a-ini tutintirdilar. So‘ng Miqdodni Ziboa binti Zubayr ibn Abdulmuttalib roziyallohu anho bilan nikohlab qo‘ydilar”.
* * *
Hijratning ikkinchi yili. Ramazon oyi. Nabiy alayhissalom: «“Menga Abu Sufyonning karvoni haqida xabar keldi. Oldiga chiqsangiz, balki Alloh uning karvonini sizga o‘lja sifatida tortiq qilar?” dedilar. Sahobalar rozi bo‘lib, yo‘lga chiqishdi.
Uch yuz o‘n uch sahoba Shomdan qaytayotgan Qurayshning minglab tuyalari bor karvoniga ko‘z tikib turardi. Shu payt sahobalarning qalbiga sarosima solgan xabar yangradi: “Abu Sufyon karvon yo‘lini o‘zgartirdi. Musulmonlardan karvonni asrash uchun qurol-aslahalar bilan tayyorgarlik ko‘rgan ekan”. Xayollarida bir o‘y aylana boshladi: “Biz jangga tayyor emasmiz”.
Payg‘ambarimiz alayhissalom odamlarni to‘plab: “Menga maslahat beringlar”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu turib, yaxshi gapirdi. Umar roziyallohu anhu ham fikrini aytdi. O‘shanda Miqdod ibn Asvad Payg‘ambar alayhissalomning qoshlariga keldi va: «Biz sizga musaviylarning: “Sen o‘zing Rabbing bilan borib ikkovlon ularga qarshi urush qilaveringlar”, degan gaplarini aytmaymiz. Aslo! Qavmingiz hech qachon tarqalib ketmaydi. Balki o‘ng tomoningizda ham, chap tomoningizda ham, ortingizda ham, oldingizda ham turib jang qiladi. Dushmaningiz bilan kurashadi, diningizni, Rabbingizning shariatini himoya qiladi”, dedi. Qalbi imon bilan to‘lgan kishining ushbu so‘zlaridan Nabiy alayhissalom behad quvondilar».
Nabiy alayhissalomning: “Menga maslahat beringlar”, deb aytganlarida Miqdod roziyallohu anhu ansorlarni nazarda tutganlarini bilgandi. Ansorlar u zotga muvofiq kelmay qolishidan qo‘rqayotgan edi. Chunki ular oldin faqat u zotni o‘ldirishga qasd qilganlarga qarshi yordam berishga bay’at berishgan. U zot alayhissalom bilan birga dushmanga qarshi jang qilishga kelishishmagandi. Shu vaqt Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, sizga buyurilgan ishingizda bardavom bo‘lavering, biz siz bilan birgamiz”, dedi.
Ushbu voqeaning guvohi bo‘lgan Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Miqdod aytgan gapni aytishni orzu qildi va: “Boshqa narsalarning evaziga beriladigan ajrlarning o‘rni bu kabi holatga teng kela olmas”, deb qasam ichdi. Zero, Ibn Mas’ud Rasululloh alayhissalomning mamnuniyatlari va Miqdodga hurmatlarini ko‘rgandi. Shu sababdan ham bu manzarani ulug‘ sanab, yuqoridagi gapni aytdi.
Sahobalar Badrda g‘olib bo‘lib, katta o‘ljalarni qo‘lga kiritishdi.
Miqdod ibn Asvad rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: “Ey Allohning rasuli, ayting-chi, agar biror kofirga yo‘liqib, u bilan urishsam va u qilichi bilan bir qo‘limni kesib tashlasa, keyin daraxtga yashirinib: “Alloh uchun musulmon bo‘ldim”, deb aytsa, shunday deganidan keyin o‘ldirishga haqlimanmi?” deb so‘radim. U zot alayhissalom: “O‘ldirmagin”, dedilar. Men: “Yo Rasululloh, bir qo‘limni kesib, so‘ng musulmon bo‘ldim, deb aytgan-ku”, dedim. Nabiy alayhissalom: “O‘ldirmagin. Agar o‘ldirsang, u o‘ldirilishidan oldingi sening mavqeingda, sen esa uning bu so‘zni (ya’ni, Islomga kirdim) aytganidan oldingi mavqeida bo‘lasan”, dedilar» (Muttafaqun alayh).
Miqdod ibn Asvad haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qildilar: «Alloh taolo menga to‘rt kishini yaxshi ko‘rishga buyurib, O‘zi ham ularni yaxshi ko‘rishining xabarini berdi. Ular: Ali, Abu Zarr, Miqdod va Salmon» (Imom Termiziy rivoyati).
Miqdod ibn Asvaddan Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Abbos, Jubayr ibn Nufayr, Abdurahmon ibn Abu Laylo, Hamom ibn Horis, Ubaydulloh ibn Adi ibn Xiyor va boshqalar hadis rivoyat qilishdi.
Miqdod ibn Asvad Misr fathidan so‘ng 70 yoshida vafot etdi.
“Manhalul hadis”, “Fathul Boriy” va boshqa manbalar asosida Toshkent islom
instituti talabasi Munavvara NIYOZALIYEVA tayyorladi.
Manba: hidoyat.uz