Bugun 2 avgust, 2025 yil, shanba

КИР

Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Shri-Lankadagi birinchi elchisi etib tayinlandi

Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Shri-Lankadagi birinchi elchisi etib tayinlandi

O‘zbekistonning Shri-Lankaga yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi qarorgohi (Islomobod shahrida joylashgan) Alisher To‘xtayev ushbu mamlakat Davlat protokoli rahbari Rohana Ambagollaga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv avvalida Rohana Ambagolla O‘zbekiston rahbariyatiga Shri-Lankada ilk elchisini tayinlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim siyosiy qaror bo‘lib, o‘zaro hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Shri-Lankaning O‘zbekiston bilan yangi formatdagi hamkorlikka ochiqligi tasdiqlandi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning global Janub bilan yaqinlashish, oziq-ovqat xavfsizligi va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslari yuqori baholandi.

Shri-Lanka rasmiysi Alisher To‘xtayevning Kolombo shahridagi faoliyati barcha yo‘nalishlarda tizimli va samarali ishlash uchun mustahkam asos yaratishiga ishonch bildirdi.

Shri-Lanka O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda, xususan, savdo, logistika, ta’lim va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni jadal kengaytirishdan manfaatdor ekanligini alohida qayd etildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalari, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ikki tomonlama savdo aylanmasining hozirgi hajmi qoniqarsiz ekani qayd etilib, ushbu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 50 million dollarga yetkazish uchun aniq choralarni ko‘rishga kelishib olindi.

Eksport va import suratlarini oshirish uchun transport va logistika yechimlarini birgalikda ishlab chiqish, axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda onlayn platforma va dasturlarni ishlab chiqish hamda yo‘lga qo‘yish masalalari xususida fikr almashildi.

Kiritildi: 15:23 24.07.2025. O'qildi: 618 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!