Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida 2 nafar farzandlariga 75,4 mln so‘m aliment to‘lashdan qochib yurgan otaga qidiruv e’lon qilingan edi.
Mazkur ijro yuzasidan Qo‘qon shahar bo‘limi davlat ijrochilari bilan hamkorlikda sobiq xotini N.S. hiyla ishlatdi: qarzdor eriga telefon qilib, farzandi og‘ir holatda ekanligi va unga qon quyish kerakligini, ammo unga faqat otasining qoni tushishini aytdi.
Fuqaro D.A. shunda ham pul yo‘qligini va u Toshkentda ekanligini, hattoki yetib borishga yo‘l kirasi yo‘qligini vaj qiladi.
Shunda davlat ijrochilari Toshkentda qarzdorning manziliga uni olib kelishi uchun mashina jo‘natishadi. U to‘g‘ri qon quyish markaziga keltirilgan va zudlik bilan qo‘lga olingan.
Ushbu holat yuzasidan otaga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.