Bugun 22 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

ALIMENT MIQDORINI KAMAYTIRISh UCHUN QAYERGA MUROJAAT QILISh KERAK?

A A A
ALIMENT MIQDORINI KAMAYTIRISh UCHUN QAYERGA MUROJAAT QILISh KERAK?

Aliment masalasi dolzarb muammo. Undiruvchi ko‘proq olsam desa, to‘lovchi tomon kamroq to‘lashni xohlaydi. O‘zi aliment miqdorini kamaytirish mumkinmi? Buning uchun qayerga murojaat qilish kerak? Qanday hujjatlar talab etiladi? Davlat boji to‘laydimi?

SUD HAL ETADI

  • To‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish tartibi amalga oshirilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 105-moddasiga ko‘ra, aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin. Shuningdek, aliment to‘layotgan ota (ona) nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib qolsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda ham aliment miqdorini kamaytirish mumkin.

ARIZANI KIM BERADI?

  • Aliment miqdorini kamaytirish uchun aliment to‘layotgan ota yoki ona da’vo arizasi bilan javobgar (ikkinchi taraf)ning yashash joyi hududidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Da’vo arizasi yozma ravishda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksining 189-moddasi talabi doirasida tayyorlanishi lozim.

Aliment miqdorini kamaytirish haqidagi da’vo ariza berishga faqat aliment to‘layotgan ota yoki ona haqli hisoblanadi. Shuningdek, ularni nomidan qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ularning ishonchli vakillari da’vo arizasi berish huquqiga ega.

Ishonchnomani rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 10-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

QANDAY HUJJATLAR TALAB ETILADI?

  • Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
  • shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • bolaning tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasi;
  • aliment undirish masalasidagi sud hujjati nusxasi;
  • to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirishga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni tasdiqlovchi dalillar;
  • davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • pochta xarajati to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat kabilar berilishini lozim bo‘ladi. Shuningdek, da’vogar tomonidan o‘z talabini tasdiqlovchi boshqa dalillar taqdim etilishi mumkin.

DAVLAT BOJI QANCHA?

  • O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvardagi «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonuni talabiga muvofiq, davlat boji har bir da’vo talab bo‘yicha alohida-alohida to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lib, da’vogar mulkiy tusdagi talabi uchun da’vo bahosining 4 foizi, lekin Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari kam bo‘lmagan miqdorida, nomulkiy tusdagi talablar bo‘yicha Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida davlat boji to‘lashi lozim.

To‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish haqidagi da’vo nomulkiy tusdagi talablar sarasiga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 11 oktyabrdagi O‘RQ-496-sonli Qonuni bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilishda pochta xarajatlari to‘lashga oid normalar kiritilgan bo‘lib, sudga da’vo ariza bilan murojaat qilishda bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizi miqdorida pochta xarajatlari undirish belgilangan.

OTA-ONASI HAM ALIMENT TALAB QILSA...

  • O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 109-moddasiga ko‘ra, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi.

Ushbu holat ota-onaga aliment to‘layotgan shaxsning voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun to‘layotgan aliment miqdorini kamaytirishga asos bo‘lmaydi.

Jasurbek Mamayusupov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha

Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi

Kiritildi: 19:22 13.01.2023. O'qildi: 10471 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!