— Erim birinchi turmushidan rasman ajrashmay, menga shar’iy nikoh asosida uylangan. Birinchi turmushidagi farzandlari uchun ham aliment, ham moddiy yordam to‘laydi. Yaqinda men ham farzandli bo‘ldim, shu sabab ishlamayapman. Qaynota-qaynonam ham ishlamaydi, erim oilamizning yolg‘iz ta’minotchisi. Olgan maoshi ro‘zg‘orimizga yetmayapti. Shu sabab aliment miqdorini kamaytirishsa bo‘ladimi? Buning uchun qayerga, kim murojaat etishi kerak?
Alimdjan Kariyev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulugbek tumanlararo sudi sudyasi:
— Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment undirish ikki usulda - aliment undirish to‘g‘risidagi kelishuv hamda sud hujjati asosida amalga oshiriladi.
Oila kodeksini 96-moddasiga asosan, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
Aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota(ona) nogiron bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib qolayotgan bo‘lsa aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkinligi Oila kodeksining 96-moddasida belgilangan.
Buning uchun aliment to‘layotgan ota yoki ona, shuningdek, qonun talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ularning ishonchli vakillari ham da’vo arizasi bilan javobgar (ikkinchi taraf)ning yashash joyi hududidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilishlari mumkin.
Sudga murojaat qilish uchun kiritiladigan da’vo arizani Fuqarolik prosessual kodeksining 189-moddasi talablariga muvofiq rasmiylashtirish lozim bo‘ladi.
Da’vo arizaga shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi, bola(lar)ning tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasi, aliment undirish haqida qabul qilingan sud hujjatlari nusxasi, to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirishga asos qilib ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlovchi dalillar, davlat boji va pochta xarajati to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, da’vogar tomonidan o‘z talabini tasdiqlovchi boshqa dalillar ham ilova qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvardagi «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonuni talabiga muvofiq, davlat boji har bir da’vo talab bo‘yicha alohida-alohida to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lib, da’vogar mulkiy tusdagi talabi uchun da’vo bahosining 4 foizi, lekin Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari kam bo‘lmagan miqdorida, nomulkiy tusdagi talablar bo‘yicha Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida davlat boji to‘lashi lozim.
To‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish haqidagi da’vo nomulkiy tusdagi talab bo‘lib, mazkur da’vo bilan sudga murojaat qilishda Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida davlat bojini to‘lash lozim bo‘ladi.
Yuqorida qayd etilgan qonun talablariga ko‘ra, aliment miqdorini kamaytirish talabi bilan sudga faqat aliment to‘lovchi shaxslar yoki ishonchnoma ularning ishonchli vakillari murojaat qilishga haqli.
Da’vo ariza manfaatdor shaxs nomidan ish yuritishga vakolati bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan taqdirda Fuqarolik prosessual kodeksining 122-modda birinchi qism 2-bandi talablariga ko‘ra u ko‘rmasdan qoldiriladi.
Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar sud tomonidan Fuqarolik prosessual kodeksida da’vo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Buning uchun er-xotin yoki ularning nomidan konun talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ishonchli vakil sudga da’vo ariza bilan murojaat qilishi lozim bo‘ladi.
Sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Er-xotinni yarashtirish maqsadida olti oylik muhlat ichida ishning ko‘rilishi bir necha marta keyinga qoldirilishi mumkin.
Oila kodeksi 1-moddasining ikkinchi qismi talabiga muvofiq nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda sud oilani saqlab qolish yuzasidan choralar ko‘rishi lozim. Shu maqsadda, sud majlisida oilani saqlab qolish mumkinligini tasdiqlovchi holatlar (bolalar borligi, nikohning davomiyligi, oiladagi munosabatlarning xususiyatlari, vaqtinchalik kelishmovchilik va boshqalar) aniqlanganda, sud har ikkala tarafning yoki ulardan birining iltimosiga binoan yoxud o‘z tashabbusi bilan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rilishini keyinga qoldirishga haqli.