Eron qurolli kuchlari Xo‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilishda davom etmoqda va barcha kemalarni muvofiqlashtirilmagan holda u yerdan o‘tishdan tiyilishga chaqirmoqda. Bu haqda Eron qo‘shinlarining «Xatam al-Anbiyo» markaziy shtabi qo‘mondoni Ali Abdullohiy bayonot berdi.
«Biz barcha savdo kemalari va neft tankerlarini Xo‘rmuz bo‘g‘ozida joylashgan qurolli kuchlar bilan kelishilmasdan turib, u yerdan o‘tishga qaratilgan har qanday harakatlardan tiyilishga chaqiramiz», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda Tasnim axborot agentligi.
Abdullohiy har qanday xorijiy qurolli kuchlar, jumladan, AQSh armiyasi Xo‘rmuz bo‘g‘oziga yaqinlashishga yoki unga kirishga urinsa, zarbalarga duchor bo‘lishi haqida ogohlantirdi.