Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

“Albatta, men muallim qilib yuborilganman”

“Albatta, men muallim qilib yuborilganman”

Islom dini ilmu-ma’rifatga targ‘ib qiluvchi ilohiy dindir. Zero, insonning dunyo va oxiratining obod bo‘lishi ilm olmog‘i va unga amal qilishi bilan bog‘liqdir. Ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning say-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Ilm o‘rgatuvchi ustozlar bejizga “payg‘ambarlarning merosxo‘rlari” deb ezozlanmaganlar. Kishida ilm o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Albatta, buning uchun ustoz zarur. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug‘ bo‘lsa, ilm o‘rgatish, ya’ni ustozlik qilishning fazilati undanda buyukdir.

            Qur’oni karimda bayon qilinishicha, insoniyatning avvali Odam Ato (a.s.) ham o‘zining zamonasi uchun zarur bo‘lgan ilmga muhtoj bo‘lganidan Alloh taoloning O‘zi u zotga ta’lim berdi: “Alloh Odamga barcha narsalarni nomlarini o‘rgatdi” (Baqara surasi 31-oyat).

Har bir zamonda Alloh taolo insoniyatga ilmu hikmat o‘rgatish uchun payg‘ambarlarini yuborib turdi. Jumladan, oxirzamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni shunday sharafli vazifa bilan yubordi. Bu haqda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari: “Albatta, men muallim qilib yuborilganman”, deganlar. Mana shuning o‘zi ham ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanligini ko‘rsatadi. Darhaqiqat, o‘zgalarga ilmu-ma’rifat ziyosini tarqatish naqadar savobli amal. Har qanday foydali ilm o‘rgatuvchi shaxs muallim bo‘lishini unutmasligimiz lozim. Chunki muqaddas dinimiz islomda ilmlar diniy, dunyoviyga ajratilmaydi. Balki foydali va foydasizga taqsimlanadi. Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm islomda ardoqlanadi. Jamiyatning ma’naviy, ma’rifiy darajasi ustoz va murabbiylarga bo‘lgan munosabatda ifodalanadi. Zero, kelajak avlodni barkamol va yetuk ma’rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir.

            Ustozlarni qadrlash haqida so‘z ketganda beixtiyor hazrati mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:

                        Haq yo‘lida kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila,

                        Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.

            Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarga ilm ma’rifatni o‘rgatgan ustozlarni alohida ehtiromga loyiq zotlar deya tariflab: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chummoli, hattoki dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchining haqqiga duo qiladilar”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Ma’lumki, yurtimizda ham ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni ezozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab quvvatlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar ta’lim tizimini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘ etiborini ko‘tarish, ularning oylik maoshlarini ko‘paytirish kabi ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ta’lim sohasi, o‘qituvchi va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor tahsinga loyiqdir. Zero, ular tarbiyalaydigan bilimli, ham ma’naviy, ham jismoniy kuchli farzandlarimiz davlatimiz kelajagi bo‘ladi. Bizning musulmonlik burchimiz – har bir yaxshilikka shukur aytish va bu xayrli islohotlarda faol bo‘lib, imkon boricha qo‘llab quvvatlashimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

“Ammor ibn Yosir” jome masjidi imom-xatibi B.Erdanov

Manba: fitrat.uz

Kiritildi: 08:00 10.10.2019. O'qildi: 1812 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!