Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sobiq sudyalari Muhtarama Turg‘unova, Odilbek Ilhomjonov va Mirziyod Obidov ozodlikka chiqdi. Bu haqda Turg‘unovaning advokatiga tayanib Kun.uz xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, apellyasiya sudi qamoqda saqlash muddatini besh oyga uzaytirish haqidagi qarorni bekor qilgan va ehtiyot chorasini garovga almashtirgan.
O‘z navbatida, Toshkent shahar sudi raisining sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonovga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi uzaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, sobiq sudyalar Akmal Shukurovga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgartirib, 8 yillik qamoq jazosini 4 yillik ozodlikni cheklash jazosiga almashtirishgan va u sud zalidan ozod qilingan edi. Tergov talqiniga ko‘ra, sudyalarga Murodjon Mirzajonov ta’sir o‘tkazgan.
Jamoatchilik o‘rtasidagi keskin e’tirozlardan so‘ng ish qayta ko‘rib chiqildi. Shukurovga 6 yil koloniya jazosi berilib, u tergov hibsxonasiga qaytarildi. Sudyalar esa egallab turgan lavozimlaridan bo‘shatilib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.