Kecha, 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida «Agrobank» ATB tomonidan investision loyihalarni moliyalashtirish hamda xorijiy kredit liniyalarini jalb etish borasida olib borlayotgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda «Agrobank» ATB Bosh ofisining rahbar va xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
2019 yil uchun 3, 9 trillion so‘mlik investisiya kreditlari ajratildi
Matbuot anjumanida bank tomonidan investisiya loyihalarini moliyalashtirish hamda xorijiy kredit liniyalarni jalb etish borasida 2019 yilning o‘tgan davrida respublikamiz hududlaridagi tadbirkorlik sub’ektlarining istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish uchun jami 3, 9 trillion so‘m miqdorida investisiya kreditlari ajratilib, bugungi kunda investisiya maqsadlari uchun yo‘natirilgan kredit qo‘yilmasining qoldig‘i 6, 9 trillion so‘mni tashkil qilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, bank tomonidan 2019 yilning o‘tgan 11 oyi mobaynida yo‘naltirilgan 3, 9 trillion so‘m miqdoridagi investisiya kreditlarining 48 foizi sanoatga, 14 foizi qishloq xo‘jaligiga, 5 foizi ijtimoiy ta’minot hamda iqtisodiyot tarmoqlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va boshqa sohalarga hamda 33 foizi qurilish, transport-kommunikasiya tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
«Agrobank» yirik investisiya loyihalarini nimaga sarfladi?
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash zarurki, joriy yil davomida bank tomonidan yirik investisiya loyihalariga xususan, to‘qimachilik, tikuv-trikotaj sanoati yo‘nalishida ham keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borildi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi «Kitob ip yigiruv» AJning qiymati 27 million AQSh dollarlik, yiliga 38 million AQSh dollari miqdoridagi 11 ming 200 tonna kalava ip va 10 million pogonometr yoki 15 million AQSh dollari miqdoridagi tayyor mato mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihasi moliyalashtirildi.
Shuningdek, Buxoro viloyatidagi «Vobkent tola klaster»MCHJning qiymati 25 million AQSh dollarlik, to‘qimachilik klaster faoliyatini tashkil qilish uchun Germaniyaning «Truchler» kompaniyasining yiliga 9900 tonna yoki 30, 7 million AQSh dollari miqdorida kalava ip ishlab chiqarishga qaratilgan loyihasiga kredit ajratildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi «Maksim gold teks» MCHJning qiymati 9 million AQSh dollari miqdoridagi yiliga 9300 tonna yoki 15 million AQSh dollari kalava ip ishlab chiqarishga qaratilgan loyihasi moliyalashtirildi.
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalari qanday?
Bugungi kunda Agrobank tomonidan xalqaro moliya istitutlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va kredit liniya mablag‘larini jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Hozirda Agrobank 12 dan ortiq xorijiy banklar bilan vakillik aloqalari hamda 10 dan ziyod xalqaro moliya institutlari bilan kredit liniya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, bank tomonidan Germaniyaning «Kommersbank»i (Commerz Bank AG) «Yunikredit banki» (UniCredit Bank AG), «DZ banki» (DZ Bank AG) va «Landesbank»lari (LandesBank Berlin AG), Avstriyaning «Rayfayzen bank»i (Raiffeisen Bank International), Janubiy Koreyaning «KEB Xana bank»i (KEB Hana Bank) hamda Rossiyaning 4 ta (Sberbank, Aziya-invest bank, VTB bank, Promsvyazbank) yirik banklari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatilgan.
2019 yilda xorijiy kredit liniyasi 3 baravarga oshdi!
Agrobank tomonidan 2018 yilda xorijiy kredit liniya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha Turkiyaning Ziraat banki bilan 20 million AQSh dollariga va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporasiyasi bilan 10 million AQSh dollari, jami 30 million AQSh dollari miqdorida kredit liniya mablag‘lari jalb qilingan bo‘lsa, 2019 yilning 11 oyi davomida 100 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar jalb qilindi va ushbu mablag‘lar hisobidan 40 tadan ortiq investisiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining suveren obligasiyalarini joylashtirish hisobidan kelib tushgan mablag‘lar hisobidan 30 ta investisiya loyihalariga 110 million AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratildi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, «Agrobank» jamoasi ham yurtimiz iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholi va mijozlar uchun qulay bo‘lgan innovasion, interfaol va elektron bank xizmatlarini yanada rivojlantirish yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘shaveradi. Bu esa, albatta, quvonarli.