AQSh prezidenti Donald Tramp agar Yevropa ittifoqchilari Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishni tiklash bo‘yicha koalisiyaga qo‘shilishdan bosh torsalar, Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi.
Bu haqda Financial Times (FT) manbalarga tayanib xabar berdi.
Tramp o‘tgan oy bo‘g‘oz orqali yuk tashishni tiklash uchun NATO dengiz floti yordamini talab qilgan, ammo Yevropa yetakchilari tomonidan rad etilgan, ular mojaroga aralashishni istamasliklarini bildirishgan. Manbalarga ko‘ra, Amerika yetakchisi bunga javoban Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan moliyalashtiriladigan Ukraina uchun NATO qurol-yarog‘ sotib olish dasturi PURL doirasida ta’minotni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.
Natijada, NATO bosh kotibi Mark Ryuttening talabiga binoan, ittifoqning asosiy a’zolari Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniyani o‘z ichiga olgan bir guruh mamlakatlar 19 mart kuni Hormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishni ta’minlashga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirgan qo‘shma bayonot chiqardilar. Keyinchalik, bu pozisiyani qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlar soni 35 taga yetdi. Ikki rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Ryutte bayonot e’lon qilinishidan ikki kun oldin Tramp va AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan ko‘plab telefon suhbatlari o‘tkazgan.
Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli avvalroq shunday degan edi: "Prezident Tramp NATO va boshqa ittifoqchilardan ko‘ngli qolganini aniq aytdi va prezident ta’kidlaganidek, "Qo‘shma Shtatlar buni eslab qoladi".
Tramp bir necha bor Yevropa ittifoqchilaridan AQShning Eronga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq ish qilmagani uchun noroziligini bildirdi, shu bilan birga Rossiya-Ukraina mojarosini Vashington uchun emas, balki Yevropa uchun muammo sifatida ta’rifladi.
"Biz NATOni himoya qilish, ularni Rossiyadan himoya qilish uchun u yerdamiz. Lekin ular bizni himoya qilishga tayyor emaslar. Bu bema’nilik", dedi u o‘tgan hafta vazirlar mahkamasi yig‘ilishida. Chorshanba kuni Tramp AQShni NATOdan chiqarishni ko‘rib chiqayotganini e’lon qildi.