Bu davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrda qabul qilingan “Samarqand viloyatida investisiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Samarqand viloyatining tuman (shahar)larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”da ko‘zda tutilgan.
Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga 2025 yilda “Afrosiyob” poyezdining “Toshkent – Buxoro” yo‘nalishida Kattaqo‘rg‘on punktiga to‘xtab o‘tishini hamda “Samarqand – Kattaqo‘rg‘on” elektr poyezdi yo‘nalishlarini tashkil etish vazifalari topshirilgan.
Shuningdek, “Bulung‘ur – Samarqand shahri - Juma – Kattaqo‘rg‘on shahri” yo‘nalishida elektr poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Buning uchun zamonaviy poyezd vagonlari olib kelish, oraliq to‘xtash temiryo‘l bekatlari infratuzilmasini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Bulung‘ur tumani markazidan o‘tgan temiryo‘l ostidan transport vositalari va piyodalar uchun yo‘l o‘tkazgich (tunnel) qurilmoqda. Ushbu yo‘l o‘tkazgich ham 2025 yilda foydalanishga topishirilishi rejalashtirilgan.