Ma’lum qilinishicha, DXXning tezkor bo‘linmalari va Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida tezkor qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda qo‘shni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi narkotik modda to‘xtatib qolingan.
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz-avto” chegara bojxona postiga Afg‘onistondan kirib kelgan yuk mashina o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Transport vositasi Afg‘oniston fuqarosi boshqaruvida bo‘lgan.
Yuk mashina tirkamasiga ortilgan ekskavator inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skaner qilinganida, uning ko‘targich qismi ichida konstruksiyada ko‘rsatilmagan shubhali predmetlar borligi kuzatilgan.
Shundan so‘ng, ekskavator tuynuklari endoskop maxsus texnik vositasi orqali ko‘zdan kechirilgan. Jarayonda ekskavatorning ko‘targich qismiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirilgani aniqlangan.