Afg‘oniston shimolida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida jarohatlanganlar soni 534 nafarni, halok bo‘lganlar soni 20 nafardan ortiqni tashkil etdi. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Ayniqsa zilziladan Sholgara va Samangan hududlari, Mozori Sharif shahridagi tarixiy Moviy masjidga zarar yetgan.
Masjid Afg‘onistonning muqaddas qadamjolaridan biri hisoblanadi. Ba’zi dindorlar bu yerda Muhammad payg‘ambarning amakivachchasi va kuyovi Ali ibn Abu Tolib dafn etilgan deb hisoblashadi. Masjid XV asrda qurilgan.
Afg‘oniston yuqori seysmik faol hududda joylashgan, va zaif infratuzilma sabab qutqaruv ishlari murakkablashmoqda.
Avgust oyida ham mamlakatda 6,0 magnitudali zilzila yuz bergan va 1100 dan ortiq odam halok bo‘lgan.