Sudya Alimov jinoyat ishini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqach, Yusupovga nisbatan e’lon qilingan O‘zR JK bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni Yusupov amalga oshirmaganini ta’kidladi.
Sudya O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksi 83-moddasi 3 qismiga ko‘ra, sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmagan Hikmatulla Yusupovni aybsiz deb topdi va reabilitasiya etilishini ma’lum qildi.
«Adolatjon, marhabo xush kelibsan, Kel nega g‘ussa-g‘amda tik turibsan?», deya Hikmatulla qori o‘ziga berilgan so‘nggi so‘z uchun imkoniyatdan foydalandi va bitgan she’rini o‘qib eshittirdi.
Hikmatulla Yusupov shu onda ozodlikka chiqarilib, unga nisbatan oqlov e’lon qilindi. Quyidagi lavha orqali imomning sud majlisida bildirgan so‘nggi so‘zlarini tomosha qilishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 1993 yildan buyon O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi madrasa va masjidlarda ishlab kelgan Hikmatulla Yusupov Xorazm viloyati MXX xodimlari tazyiqi ostida mudhish jinoyatlarda ayblangandi. Xorazm viloyati MXXning diniy masalalar bo‘yicha «kuratori» Mahmud Ermetov va Hikmatulla qori o‘rtasidagi ziddiyat, Yusupovning qamalishi bilan yakunlandi. Masjid imomi vazifasida ishlab kelgan Hikmatulla qori go‘yoki, ayol kishiga shilqimlik qilgani uchun MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun 2015 yil 21 aprel kuni 15 sutka, 6 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudining sudyasi Hayitboyev qarori bilan yana 15 sutka qamoq jazosini o‘tashga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng, u Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan va 13 yilga qamoqqa «tashlandi». Keyinchalik, Xorazm viloyati Harbiy prokuraturasi 13 yillik qamoq jazosi ortida MXXning ayrim xodimlari turganini aniqladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi esa imom ishi doirasida barcha sud qarorlarini bekor qilinishini so‘rab, Oliy sudga protest kiritgandi.
Manba: kun.uz