Toshkent shahri, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy sudida Abror Muxtor Aliy nomi bilan tanilgan fuqaro — Abror Abduazimovga nisbatan jurnalist Nikita Makarenkoning bergan arizasi yuzasidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda jurnalist Nikita Makarenko o‘zining Telegram’dagi sahifasida xabar qildi.
Jurnalistning yozishicha, u o‘zining arizasida Abror Muxtor Aliy unga nisbatan tahdid, tuhmat va haqoratomuz xabarlar tarqatilishi yuzasidan chora ko‘rishini so‘ragan.
Sudya Abror Abduazimovni MJtKning 202-2-moddasi birinchi qismi bilan shaxs qadr-qimmatini kamsitishga yoki uning obro‘sini kamsitishga olib keladigan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatganlikda aybdor deb topdi. U ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Abror Muhtor Aliy mazkur ish yuzasidan bergan munosabatiga ko‘ra, sud unga nisbatan BHMning 20 baravari (6 mln so‘m) miqdorda jarima tayinlagan.
"Nikita Makarenkoni Nikita-oy degan jumla bilan yozganim uchun uning yo‘q obro‘si to‘kilgan deb topildi. Sud menga 6 mln so‘m jarima tayinladi. Biz Nikita Makarenkoga qarshimiz. Ung nisbatan O‘zbekistonda "ketparaslik"ning targ‘iboti bilan shug‘ullanayotganligi, millatning dardi va g‘ami ularning qalbida emasligi haqida gapirgan edik. Shu sabab ma’muriy javobgarlikka tortildik", - deydi Abror Muhtor Aliy.
Makarenkoning so‘zlariga ko‘ra, sudya haqoratli so‘zlar mavjudligi sababli ishni jinoyat ishi tarkibiga o‘zgartirish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirmagan.