TOPQIRLIK
Ro‘za tutmam dedi menga bir erkak,
Dedim: “Musofir yo bemorsiz demak?”
“Yo‘q” dedi. Shunda men topqirlik qildim,
"Unda xomilador bo‘lsangiz kerak!”
RAMAZONDAGI SABR
Ko‘zim tushdi parivashim yanog‘iga,
Qizg‘aldoqdan rang qarz olgan dudog‘iga.
Dedim hozir ket, ammo qayt sohibjamol,
Quyosh kirib ketgan chog‘da yotog‘iga.
RIYOKORGA SAVOL
Nima topding o‘zni shu qadar xorlab?
Riyo osmonida bir muddat porlab.
Kambag‘al ro‘zador bir chetda qolib,
Ro‘za tutmas boyni iftorga chorlab?
UVOL
Yurtni sevaman deb sochgancha yog‘du,
Shu xalqning nonin yeb, oxiri sotmoq.
Xuddiki butun kun ro‘za tutmog‘u,
So‘ng to‘ng‘iz go‘shtin yeb iftorlik qilmoq.
HAROM LUQMA
Men faqirga maqtov uchun tutgan baliq,
Riyo degan dengiz bo‘ylab suzib ketdi.
Namoz degan qasr qurdim, guvoh Xoliq,
Ul qasrni harom luqma buzib ketdi.
XAR NENING O‘Z VAQTI BOR...
Do‘stim o‘ylamaki biz quyonyurak,
Angla xaqiqatni aytmayman nechun.
Tong chog‘i og‘izni yopmoqmish kerak,
Shom chog‘i og‘zingni ochmog‘ing uchun...
BO‘LGAN VOQEA
Bizning bag‘ir anor yanglig‘,
Darz emasdir.
Tilimizga ilashgan so‘z,
Arz emasdir.
Zinokorni ro‘za tut deb qilsam da’vat,
Dedi: "To‘ng‘izlarga ro‘za farz emasdir!"
SAVOL-JAVOB
Og‘izni ne bilan ochganim afzal?
Xurmo yeb, suv ichib, yo totib asal?
"Ne bilan ochsang och xalol bo‘lsa bas"
Javob olmagandim bundanda go‘zal.
MO‘MIN VA MUNOFIQ
Nokas desa ufff bu ro‘za qachon tugarkin?
Endigina besh kun bo‘ldi boshlanganiga.
Eh atigi qoldimi deb yigirma besh kun
Guvohdirman mo‘min ko‘zin yoshlanganiga...
KIM ZO‘RROQ? (Ikki nodonning bahsi)
Ro‘za tutmasam ham xurmozorim bor,
Maqtanay, gar bo‘lsa maqtanish lozim.
Men sendan xam zo‘rman, sendanda ilg‘or
Sandig‘imda bordir qirq joynamozim.
TAQVO
Yuragimda e’tiqod yashar,
Lek tugamas dil nolalari.
Iftor chog‘i yodimga tushar,
Somalining och bolalari...
Suriyaning och bolalari...
BADBAXT
Diniy erkinlik yo‘q, deydi tinmasdan,
Tolmas xukumatga toshlarin otib.
O‘zi Ramazonda ro‘za tutmasdan,
Tarovehga bormay uxlar dong qotib.
RO‘ZADORNI IG‘VO QILUVCHILARGA...
Nuqul ig‘vo qilar, Alloh uyiga
Taklif qilinganni, qilinmaganlar.
Qarmog‘iga baliq ilinganlarni,
Qarmog‘iga baliq ilinmaganlar.
XAQ VA BOTIL
Islom dushmanlari bunchalar ko‘p-a?
Botilni haq, haqni deydilar botil.
Bir yonda Amriqo, bir yon Ovropa,
Qotilni-shahid der, shahidni-qotil
IZTIROB... (Ramazondan o‘n kun o‘tib...)
Endigina kiyib topgandik izzat,
“Ro‘zadorlik nomli sharafli to‘n”ni.
Beshafqatlik aylab, aytgil ey qismat,
Buncha tez ayirding o‘ttizdan o‘nni?
RAMAZON
Zikrlar malhamdir qalbdagi dog‘a,
Ko‘z yosh seli foyda ko‘ngildek bog‘a.
Oylarning ichinda afzal ko‘rganim,
Sha’bonga inidir, Shavvolga og‘a.
“RAHMAT DAHASI”NING INTIHOSIDA...
Dard yo‘lbarsi menga tashlanayotir,
Ko‘zlar beihtiyor yoshlanayotir.
Axir tezda tugab “rahmat dahasi”
“Mag‘firat dahasi” boshlanayotir.
RAMAZONDAN SO‘NG...
Ramazondan oldin, yurar eding "chap",
Ramazon boshlanib, yurar bo‘lding o‘ng.
Ne bo‘lar sengada ta’sir qilib gap,
Namozni boshlasang, ramazondan so‘ng?
NIYATNING AHVOLI...
Xushlamayman qo‘lga qalam olgan zotni,
Do‘st ustidan "tepaga" arz yozmoq uchun.
Undan ortiq xushlamayman aytay rostni,
Ro‘za tutgan kimsalarni, ozmoq uchun...
RIYo
- Ro‘za tutmasdingiz, bu yil tutibsiz,
Oxiri debsizda savobdan qolmay?
- Yo‘g‘a ro‘za tutdim, quda taraf deb,
Iftorga chorlashsa, uyalib qolmay...
BIR PIYOLA SUV
Shayton muslimlarni tushirolmas chuv,
Ey birodar dildan gumonlarni quv.
Ro‘za tutib ko‘rgin, shunda bilarsan,
Naqadar shirindir bir piyola suv.
RO‘ZADORNING NIYATI
Savob sandig‘imga mo‘minlarga xos,
“O‘n olmos”ni soldim, darddaman xalos.
Endi niyat shuki, “o‘n olmos”imga,
Qo‘shmog‘im darkordir “yigirma olmos”.
RO‘ZADORLAR KARVONI
Odamzot jannatni istar, ammo qadam-
Qo‘ymoqni istamas o‘lim narvoniga.
Ming shukrki, Arsh sultoni berib yordam,
Qo‘shilmisham ro‘zadorlar karvoniga...
SAHARLIKDAN IFTORLIKKACHA...
Bir odimdir ey aziz inson,
Yalqovlikdan ilg‘orlikkacha.
Bardosh topa olursan inon,
Saharlikdan iftorlikkacha.
NAMOZ FARZ BO‘LMAGAN JAMOAT
Zavjasi yo‘q bizdek muslim sho‘rliklarga,
Uchragin deng “qurt tushmagan o‘riklar”ga.
Lek “toatsiz o‘rik”larni qilmang taklif,
Ro‘za faqat farz emasdir o‘liklarga.
BENAMOZGA QO‘YILGAN TASHHIS
Ushbu kimsa fisq cho‘lidan ketmagandir,
Mo‘minligin qadrigada yetmagandir.
Qirqdan oshib esin yegan majnun*dir u,
Yoxud xanuz balog‘atga yetmagandir.
Majnun*-bu yerda afsonaviy oshiq emas, aqldan ozgan, telba ma’nosida
***
Ramazon kelganda tin olib bir dam,
Ovga chiqmas tungi kapalaklar ham.
Sen esa ulardan jirkanarsanu,
O‘zing jikranchroqsan ro‘zasiz odam.
KINOYa
Qoq tush bo‘lgan chog‘da musallas totgan,
Qalbi muz yanglig‘dir, ko‘ngli tosh qotgan.
U zo‘r “ro‘zador”dir, shom chog‘i emas,
Uning uchun quyosh peshinda botgan...
MUSLIM ISHONCHI
Yiqilmadim, qolmadim g‘amda,
Qismat menga tushirgan zarbdan.
To men borman ko‘hna olamda,
Qo‘rqmang, quyosh chiqmaydi g‘arbdan...
KEKSALAR KO‘RSATGAN IBRAT... (Og‘iz ochilayotgandagi o‘ylardan...)
Mevasini men yemasam ham,
Nabiralar yer deb keksalar.
Tushunmasdim ilgari Abu-
Dardo kabi xurmo eksalar...
PORAXO‘RNING RO‘ZASI... (Xayolot mahsuli)
Shayton dedi: Suvdan tota qolsangchi.
Menga vijdoningni sota qolsanchi.
Poraxo‘r chidolmay pul qilib taklif,
Quyoshga do‘q urdi: Bota qolsangchi!
RAMAZONDA KUTILGAN VISOL
Iftordan so‘ng kelsang ko‘nglim to‘lardi,
Quturgan nafs iti shundoq o‘lardi.
Kelmading hech qursa, kelsang parivash,
Saharlikdan oldin nima bo‘lardi?
***
Taqvo xosil ayla, o‘zingdan qochma.
Toating Xaq uchun, zahringni sochma.
Og‘zingni ne birla yopganing bilmam,
Lek og‘zing murdaning go‘shtin yeb ochma!
O‘G‘LIM SENGA AYTAMAN...
Faqir edi...Non va suv-la og‘zin ochdi,
Ro‘za tutmay o‘z-o‘zini xorlamadi.
Yon qo‘shnisi iftor aylab borin sochdi,
Ammo faqir ro‘zadorni chorlamadi...
E’TIROZ
Derlar: Masjid iftor qilar joy emasdir,
Bilmasmilar har pichoq ham moy emasdir.
Ashobi suffadek nochorlar xanuz bor,
Xorun Ar Rashiddek xamma boy emasdir!
ATTANG
Mo‘minlarga mehrin sochmay ketdiya,
Quchog‘in miskinga ochmay ketdiya.
Yurdi uning "og‘zi bir umr yopiq"
Loaqal bir bora ochmay ketdiya.
"KO‘NGLIM TOZA BO‘LSA BO‘LDI" DEGUVCHILARGA
Nosarolar qilmas Qur’onga amal,
Yahudiylar kutmas namoz vaqtin zor.
Aytginchi vijdoning qolgan bo‘lsa sal,
Sening o‘shalardan nima farqing bor?
***
Ul qurganim she’rdek baland imoratdir,
Har bir g‘ishti, rost so‘zlardan iboratdir.
Bir kechada sakson uch yil toat qildik,
Xaq istasa, duoimiz ijobatdir.
manba: azon.uz