Bugun 19 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Abdulla Aripov Odilbek Qosimaliyevni Qirg‘iziston bosh vaziri etib tasdiqlangani bilan tabrikladi

Abdulla Aripov Odilbek Qosimaliyevni Qirg‘iziston bosh vaziri etib tasdiqlangani bilan tabrikladi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 18 dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administrasiyasi rahbari Odilbek Qosimaliyev bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston bosh vaziri Odilbek Qosimaliyevni Qirg‘iziston Bosh vaziri etib tasdiqlangani munosabati bilan samimiy tabrikladi.

Shuningdek, ikki davlat rahbarlari tomonidan hukumatlar oldiga qo‘yilgan muhim vazifalarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilish hamda savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, sanoat kooperasiyasi, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni izchil ro‘yobga chiqarishga ishonch bildirildi.

Avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri qirg‘izistonlik hamkasbiga ushbu lavozimga tasdiqlangani munosabati bilan tabrik maktubi yuborgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Odilbek Qosimaliyevni Vazirlar Mahkamasi raisi hamda Prezident administrasiyasi rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

16 dekabr kuni Qirg‘iziston rahbari Oqilbek Japarovni “boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan” vazifasidan ozod etdi. U bu lavozimda uch yildan ko‘proq vaqt ishlagan edi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari uning prezident maslahatchisi bo‘lishi mumkinligini yozishgan.

18 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament yig‘ilishida prezident Qirg‘iziston Soliq xizmati rahbariyati va xodimlari ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun sobiq bosh vazirni lavozimidan ozod etishga qaror qilganini ma’lum qildi.

“Soliq tizimidagi salbiy holatlar bizni juda xafa qildi. Aksiz markalari bilan bog‘liq firibgarliklar fosh etildi. Bu soha Oqilbek Usenbekovich nazorati ostida edi, shunga ko‘ra u noqonuniy harakatlarni to‘xtatishi mumkin edi. Davlat soliq xizmati rahbariyatiga nisbatan olib borilayotgan tergov ishi yuzasidan manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish maqsadida uni lavozimidan chetlatishga majbur bo‘ldim”, dedi Japarov.
Kiritildi: Bugun 09:57. O'qildi: 239 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!