Rossiya telegram-kanallari xabar berishicha, postsovet hududidagi eng mashhur Killerdan biri, Rossiya koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan 58 yoshli Lyosha-soldat laqabli Aleksey Sherstobitov Ukrainaga urushga borish istagini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, IK-2 ma’muriyati Orexov uyushgan jinoyat guruhi (UJG) qotili Aleksey Sherstobitov (Lyosha-soldat)ning 23 yillik qamoq jazosidan shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilinishini ma’qullagan. Uning iltimosi sudga yuborilgan bo‘lib, sud yakuniy qarorni qabul qilishi kerak.
Qotilning o‘zi sudning ijobiy qaroriga ishonmaydi. Shu sababli, garchi bir necha yil oldin kameradoshlarini Ukraina voqealarida ishtirok etishga qarshi undagan bo‘lsa-da, urushga borishga tayyorligini bildirgan.
Lyosha-soldat yaqinda 6-sonli qattiq tartibli koloniyadan IK-2 ga ko‘chirildi. Bu yerda saqlash sharoitlari nisbatan yengilroq hisoblanadi.
Aleksey Sherstobitov 90 yillarda Orexovskaya va Medvedkovskaya jinoiy guruhlarida yollanma qotil bo‘lgan. Tergovchilar uning 12 nafar qurbonini isbotlashga erishgan, bunda jinoyatchining juda ehtiyotkorlik bilan ish olib borgani ma’lum - u har safar jinoyatga qo‘l urishdan oldin tashqi ko‘rinishini niqoblashga uringan. Bunday paytlarda u parik, soxta mo‘ylov va soqol kabi turli xil aksessuarlardan foydalangan.
Qotil jazoni o‘tash davrida uylanishga va ajrashishga ham ulgurgan.