Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

23 fevral – o‘zbek uchun bayram emas!

23 fevral – o‘zbek uchun bayram emas!

23 fevral sanasi Rossiyada rus quroli erishgan harbiy shuhrat kunlaridan biri sifatida nishonlanadi.

Qadrli yoshlar va erkaklarning eski odatga ko‘ra, 8 mart bayramiga javoban 23 fevral «bayrami» bilan tabriklashga bilib-bilmay hozirlik ko‘rayotgan aziz ayollar: agar ushbu maqolani o‘qib chiqsangiz, aynan mana shu sana qayerdan kelib chiqqani, o‘sha «harbiy shuhrat»ning tarixiy mazmun-mohiyatini bilib olasiz. 

Podshoga, demakki, davlatga qarshi sodir etgan terroristik harakatlari uchun sud hukmiga binoan dorga osib o‘ldirilgan akasi Aleksandr Ulyanov kabi jinoiy faoliyat yuritgan va bunday qilmishlari uchun ko‘p marta qamalib, surgun qilingan, o‘zining haqiqiy familiyasini yashirish uchun o‘ziga turli laqablar, shu jumladan, Lenin laqabini qo‘yib olgan Vladimir Ulyanov ismli terrorchi shaxs va uning bir qator jinoyatchi hamtovoqlari, o‘sha davrning o‘ris ishchi-dehqonlari orasida yuzaga kelgan norozilik kayfiyatidan foydalanib, 1917 yilning oktyabr oyida Rossiya hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon uyushtirdi.

Jinoyatchi to‘daning g‘arazli maqsadi ro‘yobga chiqib, davlat hukumati ag‘darildi va o‘rniga Rossiya Sovet Sosialistik Respublikasi (RSFSR) deb nomlangan davlat va uning Xalq komissarlari kengashi tuzildi. Ko‘plab masalalar bilan bir qatorda, ushbu Kengash eski armiyani tarqatib, o‘rniga yangi armiya qurish loyihasini ishlab chiqdi.

1918 yilning yanvar oyida Kengash Ishchi-Dehqon Qizil armiyasi va flotini yaratish to‘g‘risida Dekret chiqardi. O‘sha davrda Chor Rossiyasi tomonidan olib borilgan urush davom etayotgan bo‘lib, yangi sovet davlatining shartlariga ko‘nmagan kayzer Germaniyasi qo‘shinlari Rossiya hududida olib borayotgan hujumkor harakatlarini to‘xtatmadi. Sovet hukumati aholini urushga shoshilinch ravishda ommaviy safarbar etgan tarzda, zudlik bilan armiya yaratishga kirishdi.

1918 yil 23 fevral kuni nemis qo‘shinlari Pskov va Narva bo‘sag‘alarida to‘xtatildi va mazkur sana Qizil Armiyaning “tug‘ilgan kuni” deya e’tirof etildi. 1922 yili ushbu sanaga rasman Qizil Armiya kuni degan nom berildi. 1946 yildan e’tiboran Sovet Armiyasi va Harbiy-dengiz floti kuni sifatida nishonlana boshlandi.

1995 yil 13 mart kuni, ya’ni Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan so‘ng, ushbu sanaga Rossiya Federasiyasi Davlat dumasi tomonidan qabul qilingan, RF prezidenti B. Yelsin tomonidan imzolangan «Rossiya tomonidan erishilgan harbiy shuhrat sanalari va xotira kunlari to‘g‘risida»gi Federal qonunga muvofiq Vatan himoyachisi kuni, deya nom berildi.

Rus quroli harbiy shuhrat erishgan kunlar ko‘p ekanligiga hech shubha yo‘q. Bunday kunlar jumlasiga: 1242 yili A. Nevskiyning nemis risarlari ustidan qozongan g‘alabasi, 1770 yili turk floti ustidan qozonilgan g‘alaba, 1709 yili Pyotr birning shvedlar ustidan qozongan g‘alabasi va shu kabi qator sanalar kiradi.

Hech shubha yo‘qki, Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini qonxo‘r Kaufman, general-gubernator Kuropatkin, jallod Golovachev, tirsagigacha begunoh musulmon qoniga botgan Skobelev, Chernyayev kabi kallakesar o‘ris generallari tomonidan Sharqda qon va qilich bilan joriy qilgani ham, o‘ris qurolining harbiy «shuhrat»ga erishgan kunlar jumlasiga kiradi. Hech shubha yo‘qki, sanab o‘tilgan harbiy jinoyatchilarning bari Markaziy Osiyo xalqlari tomonidan dunyo turguncha la’natlanadi.

O‘tgan asrning 20 – 30-yillarida chiqqan vaqtli matbuotdagi turli maqola va tarixiy asarlarda o‘ris zobitlarining bosqinchilik yurishlari, Turkiston xalqlarini qanchalik shafqatsizlik bilan qirib, qon qaqshatgani, talagani haqida ko‘plab yozilgan. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan keyin bosilib chiqqan ikki jildli «O‘zbekiston xalqlari tarixi» asarining ikkinchi kitobidagi (Toshkent, O‘zFAN, 1947 y.) akademik Baxrushin tomonidan yozilgan boblarda chorizmning mustamlakachilik siyosati ko‘pdan-ko‘p hujjatlar, dalillar asosida fosh etilgan. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ham, tarixchi olimlarimiz, adiblarimiz tomonidan amalga oshirilgan ilmiy-tarixiy tadqiqotlar chop etilgan.

Shu o‘rinda, o‘ris okkupantlarining vandal, vahshiy qonxo‘r bo‘lganliklaridan dalolat beradigan bir-ikki misol keltirib o‘taman:

Skobelev imperatoru: «Mestniy narod okazalsya bolee kulturnim, chem mi dumali. Mi nikak ne mojem ix porabotit... Lish tolko sterev s lisa zemli vse sozdannoye v drevnosti pamyatniki starini, mecheti-medrese, religioznie knigi, pogasiv ix duxovnost, mi smojem podchinit ix sebe...»

Skobelev imperatorga: «Mahalliy xalq biz o‘ylagandan ham madaniyatli ekanki, hech asoratga sola olmayapmiz... Qadimgi yodgorliklari, masjid-madrasalari, diniy adabiyotlarini yer yuzidan yo‘q qilib, milliy ma’naviyatiga barham bergachgina, ularni bo‘ysundira olishimiz mumkin...» (I. A. Karimov. «Beseda s uchenimi-istorikami i jurnalistami». Jurnal «Mulokot», 1998, № 5.)

«General Chernyayev bil lyutim shovinistom. Po yego mneniyu, projivayushiye v Kokandskom xanstve uzbeki, kirgizi, kipchaki i drugiye narodi podlejali polnomu istrebleniyu tolko za to, chto oni nosili chabani»

Kastelskaya Zinaida Dmitriyevna (1909-1983), russkiy istorik

(«Iz istorii Turkestanskogo kraya, 1865-1917»,  str.15, «Nauka» – 1980)

«General Chernyayev ashaddiy shovinist edi. Uning nazarida, Qo‘qon xonligida yashagan o‘zbeklar, qirg‘izlar, qipchoqlar va boshqa xalqlar faqat to‘n (chopon) kiyganliklari uchungina qirib tashlashga loyiqdirlar»

Kastelskaya Zinaida Dmitriyevna (1909-1983), rus tarixchisi

(«Iz istorii Turkestanskogo kraya, 1865-1917», 15-bet, «Nauka» – 1980)

Na zaxvachennix nami mestnostyax, posle nas podnimalsya gustoy cherniy dim…

Ya risoval tolko chto poveshennix lyudey, poka ix tela trepixayas, bilis v konvulsiyax. Odnogo iz vospitannikov medrese ya sam, sobstvennoruchno vitolknul iz minareta.

(V. Vereshchagin, uchastnik okkupasii Turkestana, russkiy ofiser-xudojnik)

Biz qayerni bosib olgan bo‘lsak, o‘sha yerda orqamizdan buruqsib qora tutun ko‘tarilar edi...

Dorga osilgan odamlar tipirchilab turganlarida rasmlarini chizganman. Bir mullavachchani minoradan uloqtirib yubordim.

(V. Vereshchagin, Turkiston bosqinida qatnashgan rus rassomi va zobiti)

Rus chorizmi manfaatlarini tish-tirnog‘i bilan himoya qilgan M. D. Skobelevning Turkistondagi har bir qadamidan qon hidi kelib turadi. Ammo bu zot ko‘hna Osiyo bag‘riga kelguncha ham farishta emas edi. Uning harbiy faoliyati zulmga qarshi bosh ko‘targan polyak vatanparvarlari isyonini qonga botirishdan (1864) boshlangan. Bu «xizmati» uchun u 4-darajali muqaddas Anna nishoni bilan taqdirlandi. O‘zini tezroq ko‘rsatish, shon-shuhrat orttirish talvasasi ayniqsa Xiva yurishi (1873) davrida avj oladi. U Xiva yurishi boshlanishidan oldin o‘rtoqlariga «Bu gal albatta Georgiy kresti olaman!» deb maqtangan edi. 

(I. V. Kaznachev «General-ad’yutant M. D. Skobelev», Petrograd, 1916).

So‘zim boshida aytilgandek, 1917 yilning oktyabr oyida terrorchilarning qurolli qo‘zg‘oloni uyushtirilib, Rossiya hukumati ag‘darildi. Turkiston hududida qonxo‘rlikning havosini olganlar rus podshosi va uning oila a’zolarini vahshiyona o‘ldirib tashladi.

Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan bo‘lib, Rossiya imperiyasi tarkibiga zo‘rlab qo‘shib olingan Turkiston general-gubernatorligi 1918 yili RSFSR tarkibidagi Turkiston Muxtor Sovet Sosialistik Respublikasiga aylantirildi, 1924 yili esa RSFSR tarkibidan chiqarilib, Sovet Sosialistik Respublikalar Ittifoqi (SSRI) tarkibiga O‘zbekiston Sovet Sosialistik Respublikasi nomi ila majburan kiritildi.

Agar V. Lenin boshchiligidagi, o‘zini bolsheviklar deb atagan terrorchilar to‘dasi chindan ham hurriyatparvar bo‘lib, ishchi-dehqonlar tomonidan boshqariladigan davlat tuzishni niyat qilganda, Turkiston xalqiga chorizmning mustamlakasidan ozod bo‘lganini e’lon qilgan, mintaqamizni o‘z xoliga qo‘ygan bo‘lmasmidi?

Yo‘q, hokimiyatni buzuq niyat-la qo‘lga olgan terrorchilar to‘dasi o‘z niyatini amalga oshirishga kirishdi. Davlat boshqaruvi o‘zlari o‘tirib chiqqan qamoqxonalardagi jinoyatchilar tomonidan so‘zsiz rioya etiladigan norasmiy o‘zini o‘zi boshqaruv tizimidan ko‘p farq qilmadi. Boshqacha qilib aytganda, millionlab noqulay odamlar, boshqacha fikrlaydigan kishilar ayovsiz qatag‘on qilib boriladigan qirg‘in-barot boshqaruv tizimi joriy etildi.

V. Lenin boshchiligidagi bolsheviklar hukumati va Turkistondagi asosiy bolshevik F. I. Kolesov rahbarligidagi o‘lka Xalq komissarlari kengashi so‘zda «millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash» huquqi uchun jonbozlik ko‘rsatsalar-da, amalda yagona va bo‘linmas Rossiya uchun kurash olib bordi va bu borada Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini ochiqdan-ochiq davom etdi.  O‘rta Osiyo mintaqasi Sovet imperiyasi hududiga majburiy ravishda kiritilgancha qoldirildi, aholining imperiya tarkibida qolishni istamagan, bu masalada e’tiroz bildirgan sho‘rpeshana tabaqasiga bosmachi degan tamg‘a bosilib, yana bir harbiy jinoyatchi bo‘lmish Mixail Frunze rahbarligidagi yosh Qizil Armiya qo‘shinlari tomonidan shafqatsiz qilichdan o‘tkazildi. Boshqacha qilib aytganda, 1918 yil 23 fevralda tashkil topgan Qizil Armiya tomonidan yurtimiz hududida 1920 yili boshlangan ushbu xunrezlik 1933 yilga qadar davom etdi.

Buyuk davlatchilik shovinizmi boshqa millatlar va mamlakatlar bilan o‘zaro madaniyatli hamkorlik qilishga tayyor emaslikdan kelib chiqadi. Uning ifodachilari harbiy imperiyalardir. Bu imperiyalarning iqtisodiyoti bosib olingan hududlarni ekspluatasiya qilar va hatto ularning hayotiy manbalari hisobiga yashar edi. Ayni chog‘da, bo‘ysundirilgan xalqlarga, ularning madaniy jihatdan va umuman milliy jihatdan norasoligi haqidagi halokatli g‘oya singdirilar edi.

Bizning o‘lkamiz ham ana shunday qismatdan qochib qutula olmadi. U ham uzoq vaqt davomida hukmron shovinistik va agressiv millatchilik g‘oyalarining butun jafolarini tortib keldi. O‘zbekiston Rossiya iimperiyasi, so‘ngra esa Sovet imperiyasi tarkibida majburan ushlab turilgan murakkab davrni boshidan kechirdi. Bu davr hozirgi paytda turlicha, ba’zan bir-birini istisno etadigan tarzda talqin qilinmoqda. 

1990 yili Moskvadagi «Patriot» nashriyotida Boris Akimovich Kostinning «Skobelev» deb nomlangan kitobi chop etildi. Nashriyot tomonidan yozilgan ma’lumotnomaga ko‘ra: «Chinakam faktlar va hujjatlarga asoslangan mazkur kitobda mashhur rus sarkardasi – general M. D. Skobelevning hayot yo‘li va harbiy faoliyati hikoya qilinadi. Harbiy san’atni puxta bilishi, askarlarga doimiy g‘amxo‘rlik va g‘olibona jang sahifalari Rossiyada hamda chet ellarda unga katta shuhrat keltirgan edi»

Masala ravshan. Biroq bizga malol keladigan g‘alati joyi shundaki, rasmiy Moskva shuncha gap-so‘zlardan keyin ham loaqal zarracha fikrini o‘zgartirmadi. Qog‘ozda xalqlar do‘stligi, internasionalizm, qardoshlik haqida lof urib yozilsa-da, amalda hamma narsa «ulug‘ rus xalqi» manfaatlarini targ‘ib qilishga bo‘ysundirilgan.

Skobelev kabi odamxo‘rlarning ko‘kragini bezagan Georgiy ordenining chirkin rangli tasmasini ayrim fuqarolarimiz o‘z bobosining «qahramonligi»dan xotira sifatida RF davlat bayrog‘i bilan birga shaxsiy mashinasining salonida taqib yuribdi. Lenin mening bobom bo‘lmagan kabi, A.Temur ularning bobosi bo‘la olmaydi, bu tushunarli, albatta. Lekin o‘sha chirkin tasmani taqib yurgan o‘zbeklarni qanday tushunish kerak? 

Bosqinchi har doim bosqinchiligini qiladi. «Oq it, qora it – baribir it», deb bejiz aytilmagan. Muqaddas tuprog‘imizga qurol ko‘tarib kirganlarlar tomonidan sodir etilgan qonli jinoyat va harbiy kirdikorlarning oqlanishi, ayniqsa, bosqinchilarning «madaniyat olib keluvchilar» sifatida talqin qilinishi, ayrim fuqarolarimizning hamon georgiy tasmasiga ehtirom ko‘rsatishi, bir-birlarini 23 fevral sanasi bilan qizg‘in qutlashlari – mulohaza yuritilayotgan yillarda erk va mustaqillik yo‘lida kurashgan qahramon ota-buvalarimizning ruhi-poklari, xalqimizning behisob qurbonlari xotirasining kamsitilishi, tahqirlanishidan (yoki o‘sha harbiy jinoyatchilardan qolgan avlodi ekanligidan g‘ururlanishdan) o‘zga narsa emas!

Yuqorida bayon etilgan tarixiy ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, davlatchiligimizning ming yillik tarixi Rossiya imperiyasiga zo‘rlik bilan qo‘shib olinishimiz natijasida uzilib qolgan edi. Faqat mustaqillikka erishilgandan keyinggina xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ektiga aylangan suveren O‘zbekiston yangi davlatchiligini qurish va rivojlantirishga kirishdi.

Xususan: 1991 yilning 31 avgust kuni «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat yosh respublikamiz uchun harbiy siyosat yuritish huquqini berdi. Shu kuni e’lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida»gi bayonot esa o‘z Qurolli Kuchlarimizni tashkil etish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.

1991 yilning 6 sentyabridagi «Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni sohaning poydevori sanaladi. 

1992 yil 3 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga aylantirildi.

1992 yilning 14 yanvar kuni Respublika Oliy Kengashining «O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida»gi qarori juda muhim tarixiy ahamiyatga egadir. Mazkur qarorga ko‘ra respublikamiz hududidagi harbiy tuzilmalar davlat tasarrufiga olindi.

1993 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashning qarori bilan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni deb belgilandi.

Har yilning 14 yanvar sanasida Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining Vatan himoyachilariga yo‘llagan Bayram tabrigi chop etilib, unda birlashma, qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarimiz tomonidan erishilgan yutuqlar, ularni atroflicha ta’minlash, ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar va hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar tilga olinadi.

Davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlaydigan, zamon talablariga javob bera oladigan tom ma’nodagi mustaqil Qurolli Kuchlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida hozircha faqat bizda – O‘zbekistondagina mavjud. Buni hamma biladi va tan oladi. Yosh respublikamiz mustaqillikka erishganidan buyon hali u qadar ko‘p vaqt o‘tmay turib, o‘z milliy armiyasini yaratgancha, uning jangovar, harbiy-texnik, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, moliyaviy-iqtisodiy ta’minotini bekam-u ko‘st yo‘lga qo‘ya oldi.

Shokir Dolimov,

 Azon.uz’ning harbiy-siyosiy sharhlovchisi, 

iste’fodagi podpolkovnik

Kiritildi: 22:59 22.02.2021. O'qildi: 8951 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!