Bugun 8 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

2030 yilga borib, issiqlik tufayli 80 mln ish o‘rni yo‘qolishi mumkin

2030 yilga borib, issiqlik tufayli 80 mln ish o‘rni yo‘qolishi mumkin

Yana 5 yildan so‘ng issiqlik tufayli 80 millionga yaqin ish o‘rni yo‘qolishi mumkin. Agar ish quyosh ostida bo‘lsa, yo‘qotilgan ish soatlari 3,8 foizgacha yetishi mumkin.

Havoning isib ketishi tufayli 2030 yilga borib jahon bo‘ylab 80 millionga yaqin ish o‘rni yo‘qolishi mumkin. Agar ish quyosh ostida bo‘lsa, yo‘qotilgan ish soatlari 3,8 foizgacha yetishi mumkin. Bu esa 136 million to‘liq stavkali ish o‘rniga teng bo‘ladi, deb yozmoqda Perry World House.

Agar havo me’yordan ortiq darajada isib ketsa, inson organizmi tana haroratini me’yorida ushlab tura olmaydi. Bu holat noqulaylik, charchoq, hatto sog‘liqqa zarar yetkazadigan holatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, tana harorati 38°C dan oshganda odamning jismoniy va aqliy faoliyati pasayadi. Agar harorat 40,6°C dan yuqoriga ko‘tarilsa, bu hushdan ketish, ichki a’zolarga zarar yetishi yoki hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin.

Ishchilar uchun issiq havo yanada jiddiy xavf tug‘diradi. Ularda tez charchoq, jarohatlanish xavfi va ko‘proq tanaffus olish holatlari ko‘p uchraydi. Bu esa mehnat unumdorligining pasayishiga olib keladi. Boshqacha aytganda, odamlar sekinroq ishlaydi, ish vaqti qisqaradi, natijada iqtisodiyotga ham zarar yetadi.

Issiq havo barcha sohalarga birdek ta’sir qilmaydi. Asosan ochiq havoda, og‘ir jismoniy mehnat talab qilinadigan ishlar – masalan, qishloq xo‘jaligi va qurilish – yuqori haroratdan eng ko‘p zarar ko‘radi.

Xalqaro Mehnat Tashkilotining hisob-kitobiga ko‘ra, 2030 yilda issiq ob-havo sababli yo‘qotiladigan ish soatlarining 60 foizi qishloq xo‘jaligi, 19 foizi esa qurilish sohasi hisobiga to‘g‘ri keladi.

Infografika

Haroratning bundan keyin ham oshishi ba’zi hududlarda qishloq xo‘jaligini foydasiz qilib qo‘yishi, natijada ko‘plab odamlar ishidan ayrilishi mumkin.

Issiqlikning salbiy ta’siri boshqa sohalarda ham ortadi. Masalan, qurilish sohasida hozirda yo‘qotilayotgan ish soatlari 1995-yildagiga qaraganda ancha ko‘p. Chunki bu sohada bandlik ortib bormoqda va ob-havo sharoiti ishga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi.

Tadqiqotga ko‘ra, Janubiy Osiyo va G‘arbiy Afrikada global issiqlik tufayli yo‘qotilgan ish soatlari soni ayniqsa yuqori bo‘ladi. 2030 yilda ushbu ikki submintaqada ish vaqtining taxminan 5 foizi yo‘qotilishi kutilmoqda, bu mos ravishda taxminan 43 million va 9 million to‘liq stavkali ish o‘rinlariga to‘g‘ri keladi. Janubi-Sharqiy Osiyo va Markaziy Afrika kabi boshqa mintaqalarda ham ish vaqtining qisqarishi global o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Darhaqiqat, tropik va subtropik kengliklarda joylashgan hududlarda ekstremal harorat va qishloq xo‘jaligidagi umumiy bandlikning yuqori ulushi issiqlik stressini jiddiy xavfga aylantiradi.

Ekspertlarga ko‘ra, Yevropa subregionlari kamroq salbiy ta’sirga duch keladi. Mintaqada ish soatlarining taxminiy qisqartirilishi 0,1 foizdan past bo‘ladi.

O‘zbekiston ijtimoiy siyosat laboratoriyasiga ko‘ra, mazkur holatni hisobga olgan holda mehnatga oid qonunlarda issiqlikka nisbatan minimal xavfsizlik standartlari (maksimal harorat, majburiy tanaffuslar, suvdan foydalanish imkoniyati) kiritilishi kerak.

Laboratoriya ekspertlariga ko‘ra, ish sharoitlari ishlab chiqarish samaradorligidangina emas, balki inson salomatligi va farovonligidan kelib chiqib baholanishi lozim.

Shuningdek, itimoiy sug‘urta tizimlari ishchilar ekstremal iqlim sharoitida ishlash imkoniyati bo‘lmaganda ham daromadsiz qolib ketmasligini inobatga olib muvofiqlashtirilishi kerak.

Kiritildi: 17:22 04.07.2025. O'qildi: 2144 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!