AQSh prezidenti Donald Tramp 2028 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan davlat rahbari saylovlarida vise-prezident Jey Di Vensni o‘zining ehtimoliy vorisi deb atadi. Bu haqda u Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatlashayotganda ma’lum qildi.
“Albatta, bu haqda gapirishga hali erta, lekin u ajoyib ish qilmoqda va hozircha eng kuchli nomzod bo‘lishi mumkin”, dedi u jurnalistlarga.
Tramp davlat kotibi Marko Rubioning Vensni 2028 yilgi saylovlarda “a’lo” nomzod deb aytgan so‘zlariga munosabat bildirishni so‘rashganida shunday javob bergan. Tramp Rubioning “qaysidir tarzda Jey Di bilan hamkorlik qilishi mumkinligini” e’tirof etgan.
2016 yilda Rubio Florida shtatidan respublikachi senator sifatida prezidentlikka nomzodini qo‘ygan edi. The Hill nashrining yozishicha, u yana saylovlarda ishtirok etishini istisno qilmayapti, biroq Trampning prezidentlik muddati oxirigacha davlat kotibi lavozimida qolmoqchi. Bu uning 2028 yilda nomzodini qo‘yishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
2016 yilda Vens Trampni keskin tanqid qilgan, uni ahmoq deb atagan va Gitlerga o‘xshatgan edi, ammo keyinchalik uning qarashlari o‘zgargan. 2022 yil noyabr oyida Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Vens senat saylovlarida demokrat Tim Rayandan ustidan g‘alaba qozondi.
Shu paytgacha Tramp o‘zining ehtimoliy vorisi nomini aytishdan tiyilib kelgandi. U fevral oyidayoq Vensni “juda iqtidorli” deb ta’riflagan bo‘lsa-da, uni nomzod sifatida ko‘rsatishdan o‘zini tiygan edi.