Bugun 14 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

2026 yilgi Nobel tinchlik mukofoti Navi Pillayga berildi

2026 yilgi Nobel tinchlik mukofoti Navi Pillayga berildi

2026 yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti janubiy afrikalik huquqshunos Navanetem «Navi» Pillayga berildi.

Norvegiya Nobel qo‘mitasi uni «tinchlik va xalqaro huquqni ilgari surish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun» mukofotga munosib deb topdi.

85 yoshli Navi Pillay xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish sohasida ko‘p yillik tajribaga ega. U Janubiy Afrikada aparteidga qarshi chiqqan faollarni himoya qilgan, 1995 yilda mamlakat Oliy sudi sudyasi etib tayinlangan.

Keyinchalik u Ruanda bo‘yicha Xalqaro jinoyat tribunalida sudya va prezident sifatida ishlagan. Pillay ishtirok etgan ishlar xalqaro jinoyat huquqi rivojida muhim o‘rin tutgan. Xususan, jinsiy zo‘ravonlik va zo‘rlash muayyan holatlarda insoniyatga qarshi jinoyat va genosid tarkibiga kirishi mumkinligi haqidagi huquqiy yondashuvlarni shakllantirishda uning hissasi qayd etiladi.

Navi Pillay keyinchalik Xalqaro jinoyat sudi sudyasi bo‘lgan, 2008–2014 yillarda esa BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, u 2021–2025 yillarda BMTning Falastin hududlari bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasiga rahbarlik qilgan.

Ayni paytda Pillay Xalqaro sudda Myanmaga nisbatan genosid ayblovlari ko‘rib chiqilayotgan ishda sudya sifatida ishtirok etmoqda.

Nobel qo‘mitasi Pillayning xalqaro huquqiy tartibni rivojlantirishdagi o‘rni, sudya sifatidagi prinsipialligi, shaxsiy daxlsizligi va jasoratini alohida ta’kidladi.

Qo‘mita bayonotida urush va mojarolar soni ortib, xalqaro sudlar va huquq institutlari siyosiy bosimga duch kelayotgan bir paytda nizolarni kuch ishlatmasdan hal etish uchun xalqaro huquq ustuvorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

2026 yilgi Nobel tinchlik mukofotining pul miqdori 12 million shved kronasi, ya’ni qariyb 1,2 million dollarni tashkil etadi. Mukofot 10 dekabr kuni Osloda topshiriladi.

Kiritildi: 16:34 09.10.2026. O'qildi: 721 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!